Tailanddagi O'zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslik so‘raldi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja o‘rtasida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvga munosabat bildirdi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, vaziyat diqqat bilan kuzatib borilmoqda va barcha tomonlar mojaro sabablarini tinch yo‘l bilan hal qilishga, xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha Tailand va Kambodjadagi O‘zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar aniqlanmagan.
TIV fuqarolardan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslikni, safarlarni vaqtincha cheklashni va rasmiy xabarlarni doimiy ravishda kuzatib borishni tavsiya qildi.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarolari Fransiya mustamlakachilik davriga borib taqaladi. Mustaqillikka erishgandan keyin ham ikki davlat o‘rtasida chegara masalasida kelishmovchiliklar davom etib kelmoqda.
So‘nggi keskinlashuv 2025-yil 23-iyul kuni yuz berdi. O‘sha kuni Tailand harbiylaridan 5 nafari chegarada yer minasi portlashi oqibatida jarohat oldi. Bu voqeadan so‘ng tomonlar o‘rtasida o‘zaro o‘t ochish boshlandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar natijasida Tailand tomoni 14 kishini yo‘qotgan. Mojaro sabab ikki davlat chegarasida joylashgan hududlardan 100 minglab aholi evakuatsiya qilindi.







