“Chiqayotgan gaz aholi turar joylaridan uzoqda va tarkibi zararsiz”
Energetika vazirligi Mo‘ynoqdagi favqulodda holat bo’yicha rasmiy bayonot berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Muynoq” gaz konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari vaqtida chuqurligi 4707 metrga yetgan 1-sonli quduqdan gaz chiqishi holati yuzaga keldi. Bu haqda rasmiy idoralar xabar berdi.
Gaz chiqishi aniqlangach, barcha xavfsizlik choralariga amal qilinib, quduqni likvidatsiya qilish va bosimni nazoratga olish ishlari darhol boshlab yuborilgan. Ishlarni “O‘zbekneftgaz” AJ, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda tegishli harbiylashtirilgan bo‘linmalar hamkorlikda olib bormoqda.
Eng muhim jihat – mazkur quduq aholi punktlaridan uzoqda joylashgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quduqdan chiqqan gaz toza metan bo‘lib, uning tarkibida inson salomatligi va atrof-muhitga xavf soluvchi oltingugurt mavjud emas.
Holat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgan. Gaz nazorat ostida yoqilmoqda. Ishchi xodimlar xavfsizligi ta’minlangan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Tegishli xizmatlar tomonidan holat bo‘yicha muntazam monitoring olib borilmoqda.







