Xitoyda kuchli yomg‘irlar oqibatida favqulodda holat e’lon qilindi
60 yillik kuzatuvlar tarixida Miyun suv omborining suv hajmi eng yuqori darajaga yetdi.

Xitoyda uzoq yillik kuzatuvlar tarixida eng kuchli yomg‘irlar qayd etildi. 24-iyul kuni boshlangan yog‘ingarchiliklar Pekin shahrining shimoli-sharqiy hududida joylashgan Miyun suv omborida suv sathining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar bermoqda.
Xitoy Suv xo‘jaligi vazirligi suv toshqini xavfi sabab poytaxtda favqulodda holat e’lon qilganini ma’lum qildi. Ularning bayonotiga ko‘ra, omborga tushayotgan suv hajmi so‘nggi 60 yil ichida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.
Pekin shahri ma’muriyati esa kuchli yog‘ingarchilik natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan geologik xavflarga nisbatan eng yuqori — “qizil” darajadagi ogohlantirishni bergan. Kelasi 24 soat ichida shahar g‘arbiy va shimoliy hududlarida ko‘chki hamda toshlar qulashi ehtimoli yuqori, deya bildirildi rasmiy manbalarda.







