Yil boshidan buyon O‘zbekistonga import qilingan avtomobillarning yarmidan ko‘pini elektromobillar tashkil etadi
Xitoy asosiy yetkazib beruvchi bo‘lib, import hajmining 87 foizi aynan ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga umumiy qiymati 422,1 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 24 367 dona yengil avtomobil import qilingan. Ulardan 14 356 tasi, ya’ni 59 foizdan ortig‘i elektromobillarni tashkil etadi.
Import avtomobillarning asosiy qismi Xitoydan yetkazib berilgan bo‘lib, jami importning 87 foizidan ko‘prog‘i ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, olti oy ichida Xitoydan 21 399 dona avtomobil olib kirilgan.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyadan 2 032 ta, Hindistondan 168 ta, Yaponiya va AQShdan 145 tadan avtomobil import qilingan. Qolgan transport vositalari boshqa xorijiy davlatlardan yetkazib berilgan.







