"Yordam berishdi, lekin kech bo‘lgandi" — Sultonali Rahmatovning maʼmuri
O‘zbekistonning zabardast ijodkori, taniqli bastakor Sultonali Rahmatov og‘ir kasallikdan so‘ng 55 yoshida vafot etdi. Zamon.uz marhumning yaqinlari bilan bog'landi.

Kecha, 28 iyul kuni O‘zbekistonning zabardast ijodkori, taniqli bastakor Sultonali Rahmatov og‘ir kasallikdan so‘ng 55 yoshida vafot etdi. Bu og‘ir judolik nafaqat bastakorning yaqinlarini, balki uning qalblarga singib ketgan musiqalari bilan yashagan butun o‘zbek xalqini qayg‘uga soldi.
Xabaringiz bor, bir muddat avval Zamon.uz og‘ir ahvolda yotgan bastakorning yaqinlari bilan bog‘langan edi. 9 iyul kunggi suhbatda unda qandli diabet, jigar sirrozi va buyrakda suv yig‘ilishi kasalliklari tashxisi qo‘yilgani haqida maʼlumot berilgandi. O‘shanda, bastakorning maʼmuri og‘ir ahvoldagi “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”ning hayotini saqlab qolish учун Madaniyat vazirligidan yordam so‘ragandi. Kuni kecha tarqalgan sovuq xabar vaqtida administrator Bahrom Hamidov zamon.uz bilan yana bog‘landi. Uning maʼlum qilishicha, oxirgi chiqishdan so‘ng, ko‘plab saxovatli insonlar, shuningdek Madaniyat vazirligi ham Sultonali Rahmatov holidan xabar olgan, vazirlik ko‘magi bilan eng yaxshi shifokorlar jalb etilgan. Biroq, kasallik ancha kuchini ko‘rsatgan, to‘liq sog‘ayib ketish учун kech bo‘lgan ekan.
"Madaniyat vazirligi tomonidan yordam berildi, bir necha marta masʼullar kelishdi, eng yaxshi shifokorlarni biriktirishdi, ammo shifokorlar endi kech bo‘lganini aytib, bemorni qaytarib yuborishdi. Sizlarga ham rahmat, bu haqda xabar qilganlaringizdan so‘ng juda ko‘pchilik keldi", - deydi marhum bastakor Sultonali Rahmatovning maʼmuri.
Maʼlum qilinishicha, marhumning janozasi bugun, 29 iyul kuni peshinda “Chig‘atoy” masjidida bo‘lib o‘tadi.
Zamon.uz tahririyati marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.







