Bu yil O‘zbekistonda 738 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinadi
Hozirga qadar 590 ming nafardan ortiq bola ro‘yxatga olingan bo‘lib, maktablarga Prezident sovg‘alarini yetkazib berish boshlandi.

Bugun, 31 iyul kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarini yetkazish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.

Yangi 2025-2026 o‘quv yilida respublika bo‘ylab 738 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. Hozirga qadar 590 ming nafardan ortiq bola ro‘yxatga olingan bo‘lib, qabul jarayonlari 15 avgustgacha davom etadi.

Prezident sovg‘asi sifatida har bir 1-sinf o‘quvchisi uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari tayyorlandi. Ular orasida o‘quv sumkasi, daftarlar, ruchka, qalamlar, bo‘yoqlar, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, yelim va qalamdon mavjud. Ushbu sovg‘alar “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida tantanali tarzda topshiriladi.
O‘quv qurollarining sifati va gigiyenik talablar asosida ishlab chiqilgani, maxsus sertifikatlardan o‘tgani ham alohida taʼkidlandi. Sovg‘alar respublikaning barcha hududlariga 1–10 avgust kunlari, maktablarga esa 10–20 avgust kunlari yetkaziladi.

Mazkur press-tur davomida o‘quv yili oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik, maktablarning texnik holati va qabul jarayonlariga oid muhim maʼlumotlar ishtirokchilarga taqdim etildi.







