Xitoy chikungunya virusi sababli chivinlarga qarshi kurash boshladi
Virus tarqalishi ortidan Foshan shahrida uchinchi darajali favqulodda holat joriy qilindi.

Xitoyning Guangdong provinsiyasiga qarashli Foshan shahri hokimiyati shaharda chikungunya virusi tarqalishini jilovlash maqsadida yetti kunlik keng ko‘lamli chivinlarga qarshi dezinfeksiya ishlarini boshladi. Bu haqda rasmiy bayonot tarqatildi.
Mazkur kasallikning asosiy tashuvchisi — chivinlar bo‘lib, kampaniya doirasida ularni yo‘q qilish ishlari nafaqat ochiq hududlarda, balki har bir xonadon doirasida ham amalga oshiriladi. Hokimiyat aholidan deraza va eshiklarga to‘r o‘rnatish, chivinlarga qarshi vositalardan foydalanish va sanitariya talablariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Taxminan 10 million aholiga ega shaharda chikungunya isitmasi bilan kasallanganlar soni 5000 nafardan oshgani bois, uchinchi darajali favqulodda holat e’lon qilindi. Eslatib o‘tamiz, Xitoyda favqulodda vaziyatlar to‘rt bosqichda baholanadi, bunda birinchi daraja eng yuqori hisoblanadi.
Chikungunya isitmasi Afrika va Osiyo mintaqalarida kamyob bo‘lsa-da, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar u dunyoning 119 davlatida qayd etilgan va 5,6 milliard kishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Infeksiyaning davosi yoki vaksinasiyasi mavjud emas. Virus yuqqanidan keyin 3–12 kun oralig‘ida kasallik belgilari — yuqori isitma, titroq, mushak va bo‘g‘imlarda og‘riq, toshma va umumiy holsizlik kuzatiladi.
Foshan shahri rasmiylari kasallikning kengayishini oldini olish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.







