Endilikda xorijdan qaytgan fuqarolar OIV bo‘yicha majburiy testdan o‘tkaziladi
2024-yilda xorijdan qaytgan 1,7 mln fuqarodan faqat 25 foizi testdan o‘tgan va ulardan 1,5 mingida OIV aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ma’qullandi.
Qonunga ko‘ra, 3 oydan ortiq muddatda xorijda bo‘lgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga qaytgach, OIV infeksiyasi (OITS) bo‘yicha majburiy testdan o‘tadi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu choralar sog‘liqni saqlash tizimida yuqumli kasalliklar, xususan, OIV infeksiyasining oldini olish va erta aniqlash imkonini beradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda uzoq muddat xorijda bo‘lib qaytgan 1,7 million fuqarodan atigi 430 ming nafari, ya’ni 25 foizi, ixtiyoriy ravishda test topshirgan. Shulardan 1,5 ming nafarida OIV infeksiyasi aniqlangan.
Shuningdek, qonun loyihasida OIV yoki sil kasalligiga chalingan shaxslar ishlashi mumkin bo‘lmagan kasblar ro‘yxatini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mazkur ro‘yxat qonuniy asosda tasdiqlanadi.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi nafaqat profilaktika, balki aholi salomatligini muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qonun Prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng qonuniy kuchga kiradi.








