Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport quriladi
Prezident transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar bilan tanishdi.

Iqtisodiy o‘sish va urbanizatsiya fonida transport infratuzilmasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, 2030-yilga kelib poytaxt aeroporti yo‘lovchilar oqimi yiliga 15 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda. Biroq amaldagi aeroport bu hajmni qamrab olish imkoniyatiga ega emas. Bundan tashqari, shaharning markaziy qismida joylashganligi sababli uning kengaytirilishi ham imkonsiz.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport barpo etish tashabbusi ilgari surilmoqda. Ayni paytda loyiha bo‘yicha xususiy sheriklik asosida xorijiy investorlarning takliflari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Mavjud magistrallarga muqobil ravishda yangi yo‘llarni qurish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu borada xorijiy investorlar ishtirokida Toshkent—Samarkand yo‘nalishida tez harakatlanuvchi avtomobil yo‘li qurilishi loyihasiga qiziqish bildirilgan.
Uchrashuv davomida investorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijalari, taklif etilayotgan shartlar va loyihalarning huquqiy asoslari yuzasidan ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Davlat rahbari mazkur strategik infratuzilma loyihalarini puxta ishlab chiqish, ularni xalqaro standartlarga mos holda amalga oshirish va tez orada amaliy bosqichga o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.








