Toshkent xalqaro aeroporti nazoratchisi pora bilan ushlandi
U 500 dollar olayotgan vaqtda DXX tomonidan qo‘lga olindi.

Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jinoyat-qidiruv departamenti tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro noqonuniy ishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holati bo‘yicha qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs O‘zbekiston Respublikasi I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida faoliyat yurituvchi Aviasiya xavfsizligi xizmatining qo‘riqlash bo‘linmasi nazoratchisi bo'lib, u Qo'riqlash bo‘linmasi nazoratchisi lavozimiga tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga fuqaro A.dan 500 AQSh dollari talab qilgan.
Tadbir vaqtida u ushbu miqdordagi pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari davomida, mazkur shaxs boshqa fuqarolardan ham ishga joylashtirish evaziga 500–1000 AQSh dollari miqdorida pul olganini tan oldi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (“Firibgarlik”) va 28,211-moddasi 1-qismi (“Pora berishda vositachilik qilish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda ushbu jinoyatga aloqador boshqa jabrlangan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.








