Tanzila Norboyeva ayrim deputatlar faoliyatini tanqid qildi
Sanat Raisi deputatlar noqonuniy qurilishlar bo‘yicha nega hokimlarga qarshi gapirmayotganiga qiziqqan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Vazirlar Mahkamasiga qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan parlament so‘rovi yubordi. Unda ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilinayotgani va umumiy foydalanish joylarini to‘sib olish kabi holatlar muammo sifatida qayd etilgan.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva ham bu bo‘yicha deputatlar nega hokimlarga qarshi gapirmayotganini tanqid ostiga olgan.
“Mahallada bolalar o‘ygaydigan kichkinagina joy bo‘lsa ham, qurilish qilaman deb tadbirkorlar yetib kelyapti. Hokimiyat buni qo‘llab-quvvatlayapti. Mahalla ham indamasdan rozilik yozib beryapti. Odamlar esa norozi bo‘lib murojaat qilishyapti bizga.
Aslida mahalla yettiligi, mahalliy deputatlar bunga qarshi turishi kerak. Yetarli kuch bor-ku, axir ularda”, degan Norboyeva.
Maʼlum qilinishicha, 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘p kvartirali uylarning texnik holati bilan bog‘liq 8 mingdan ortiq qonun buzilish holatlari sodir etilgan. Shundan, 431 ta tayanch konstruksiyalar, 2,6 mingta to‘siq konstruksiyalar buzilgan, 3,3 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylarga tutash maydonlarda noqonuniy qurilmalar qurilgan, 1,8 mingdan ortiq umumiy foydalanishdagi joylar o‘zboshimchalik bilan to‘sib olingan.







