Andijonda nasiyaga ko‘ylak bermagan sotuvchi yigit kaltaklandi
17 yoshli yigitning sog‘lig‘i yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, farzandining noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangani haqida murojaat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Aniqlanishicha, 30-iyul kuni soat 13:50 larda 2009-yilda tug‘ilgan N.I. va 2010-yilda tug‘ilgan P.M. ismli fuqarolar Andijon shahri, Navbahor mahallasi, Mashrab ko‘chasida joylashgan “Kuyov sarpo” nomli kiyim do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi, 2008-yilda tug‘ilgan M.Q. oldiga borib, undan nasiya asosida ikkita ko‘ylak olib chiqib berishini so‘rashgan.
Mazkur holatda o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelib, N.I. va P.M. M.Q.ni haqorat qilgan va unga tan jarohati yetkazgan.
M.Q.ning sog‘lig‘i yuzasidan shu kuni sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda holat yuzasidan Andijon shahri Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







