Endilikda davlat idoralari yonida savdo va ovqatlanish shoxobchalari faoliyat yuritadi
Ijara faqat tasdiqlangan sxema va loyihaviy kod asosida, bir yil muddatga rasmiylashtiriladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat idoralariga tutash hududlardan savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun foydalanish tartibi joriy etildi. Mazkur tartib 2025-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi.
Endilikda, davlat tashkilotlari binolari yonida tadbirkorlik faoliyati faqat tasdiqlangan sxema va me’moriy loyihaviy kod asosida amalga oshiriladi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari yaqinida bunday faoliyatga istisno qo‘llaniladi.
Ijaraga olish shartlari:
yer uchastkasi tadbirkor mulkiga tutash bo‘lsa — to‘g‘ridan-to‘g‘ri, auksionsiz;
muddat — bir kalendar yil, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan;
ijara haqi — yer solig‘i stavkasining 3 baravarigacha;
shartnomalar — elektron ro‘yxatga olish tizimi orqali rasmiylashtiriladi, soliq organlari nazorati ostida.
Yangi tartib asosida:
kapital qurilish va tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish qat’iyan taqiqlanadi;
ruxsatsiz ob’ektlar buziladi, shartnomalar bekor qilinadi;
ijara yerga egalik huquqini bermaydi va mulk huquqi rasmiylashtirilmaydi.
Shuningdek, 1-oktabrgacha noqonuniy joylashtirilgan ob’ektlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi, qonuniylashtirish yoki olib tashlash choralari ko‘riladi. Mahalliy hokimliklar tasdiqlangan sxemalarni rasmiy saytlarida e’lon qiladi.







