Samarqandda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilindi
Hozirda ushbu holat rasmiylar tomonidan nazoratga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 32-umumtaʼlim maktabi o‘qituvchilari sport zalida taʼmirlash ishlari amalga oshirayotgani aytilgan xabar tarqaldi. Holatga viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, rasmlardagi holat Samarqand shahridagi 32-umumtaʼlim maktabi emas, shahardagi 24-umumtaʼlim maktabiga tegishli ekanligi aniqlangan.
“Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq har qanday holatlarni qoralaydi. Ushbu holat boshqarma tomonidan to‘liq nazoratga olindi. Holat tegishli tartibda o‘rganilib, qo‘shimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda ham o‘qituvchilar taʼmirlash ishlariga jalb qilingani uchun direktor ishdan olinib, unga nisbatan maʼmuriy jarima tayinlangandi.







