"Ko‘kalamzorlashtirish maqsadida…" Qibrayda kesib tashlangan daraxtlarga hokimlik bosh-qosh bo‘lgan
“Botanika” mahallasida 1,5 mlrd so‘mlik yopiq futbol maydoni va yashil hudud qurilishi doirasida qurigan daraxtlar qonuniy tartibda kesildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumani “Botanika” mahallasida daraxtlar kesilgani aks etgan videomaterial yuzasidan tuman hokimlogi quyidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yil “Tashabbusli budjet” loyihasining birinchi mavsumida mahalla yoshlari taklifi bilan, bo‘sh va qarovsiz qolgan 34 sotix yer maydonida obodonlashtirish ishlari olib borish, ko‘kalamzor hudud barpo etish va 20x40 metr o‘lchamdagi yopiq, sun’iy qoplamali futbol maydoni qurish loyihasi 1 327 ta ovoz bilan g‘olib deb topildi.
Loyiha doirasida 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy sport inshooti barpo etilishi, atrofini ko‘kalamzorlashtirish va sayr yo‘laklari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hududda qurigan va parvarishlab bo‘lmaydigan 3 tup gilos, 3 tup o‘rik daraxti hamda 1 tup siren butasi (moratoriy qo‘llanilmagan) tuman Ekologiya bo‘limi vakillari ishtirokida, Vazirlar Mahkamasining 464-son qarorida belgilangan tartib asosida kesildi.
Mazkur loyiha mahalla infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb etish, “Yashil bog‘” barpo etish hamda aholi uchun qulay, ekologik toza dam olish hududi yaratishga qaratilgan bo‘lib, unda aholining taklif va tavsiyalari inobatga olingan.
Shuningdek, jarayonlarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirok etmagan, videotasvirga olish chog‘ida fuqarolarga nisbatan hech qanday tazyiq yoki qonunga xilof harakatlar kuzatilmaganini ma’lum qilindi.







