O‘zbekistonda barcha maktab va bog‘chalarda majburiy mehnat ustidan “reyd”lar boshlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan so‘ng, vazirlik majburiy mehnat holatlari bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilishini eʼlon qildi.

Avvalroq Zamon.uz Samarqand shahridagi 1- va 24-maktablarda o‘qituvchilar majburiy ravishda taʼmirlash ishlariga jalb qilingani, bunda ishtirok etmagan pedagoglar esa ishdan bo‘shatilgani haqida videolavha eʼlon qilgandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Marhamat tumanida mehnat taʼtilidagi o‘qituvchilarni maktabning taʼmirlash ishlariga jalb qilgan direktor ham ishdan olingandi.
Yuqoridagi voqealar fonida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimdagi taʼlim muassasalarida majburiy mehnat ustidan nazorat tadbirlari o‘tkazilishini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 avgust kunidan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida vazirlik tizimidagi maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha nazorat tadbirlari olib boriladi.
Bunda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari o‘rganilib, aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha ish beruvchi hamda mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
Taʼkidlanishicha, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. Shuningdek, qonunchilik talablariga binoan o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo turlari belgilangan.







