Termizda eri shafqatsizlarcha kaltaklagan ayol uyidan qochib ketdi
Hozirda holat yuzasidan IIB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Surxondaryoning Termiz shahrida eri tomonidan muntazam kaltaklab kelingan ayol uyidan qochib ketdi. Bu haqida “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.
Jabrlanuvchining opasiga ko‘ra, ayol olti yildan beri turmushda. U uzoq vaqt davomida eridan tahqir va kaltaklarga chidab kelgan. 16 avgust kuni eri tomonida shafqatsiz kaltaklanishi so‘nggisi bo‘lgan. Ayol eri uxlab qolguncha kutib, tong saharda kichik bolasi bilan uydan qochib ketgan. Postda eʼlon qilingan kuzatuv kameralaridan olingan videoda ayolning uydan deyarli hech narsasiz, qo‘lida faqat bolasini ko‘tarib chiqqanini ko‘rish mumkin. Shuningdek, kaltaklanganidan so‘ng yuzida sog‘ joyi qolmagan ayolning suratlari ham berilgan.
Tanishlari va shunchaki befarq bo‘lmagan insonlar tomonidan postning ko‘plab repostlaridan so‘ng jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i o‘zini oqlashga urinib, “uni kaltaklashiga sabablar borligini” va “agar u shafqatsiz bo‘lganida, uni tirik qoldirmagan bo‘lardi” deydi.
“Bu holat erkakning ayolga mulkdek qarashi, qilgan jinoyatiga tavba qilmasligi, o‘ziga yoqmagan ish uchun uni jazolashi normal holat ekanligini ko‘rsatadi. Avvalgi harakatlari uchun jazosiz qolgani uchun ayolni biron aybi uchun kaltaklash mumkinligini ochiqchasiga gapirishiga olib keldi”, deb yozadi loyiha mualliflari.
Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 15 avgustidan 16 avgustiga o‘tar kechasi, tungi soat 02:30 larda Termiz shahrining Mehrabod mahallasida yashovchi fuqaro T.E. hamda uning turmush o‘rtog‘i J.E.larning o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy nizo oqibatida, fuqaro T.E. turmush o‘rtog‘i J.E.ning yuz-chakka va quloq sohasiga urib jarohat yetkazgan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishi taʼminlanadi”, deyiladi rasmiy izohda.







