Poytaxtda aliment undiruvida oid miqdor rekordi yangilandi
Ota 2,4 mlrd. so‘m miqdoridagi aliment pullarini oldindan to‘ladi.

Bugun Majburiy ijro byurosining Toshkent shahri Uchtepa tuman bo‘limida aliment undirish bilan bog‘liq rekord miqdordagi to‘lov amalga oshirildi. Bu haqda zamon.uz’ga MIB Axborot xizmati xabar qildi.
Sudning buyrug‘iga muvofiq, fuqaro Sh. J.dan voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandi ta’minoti uchun fuqaro Sh. D. foydasiga ish haqi va boshqa daromadlarining yarmi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Ijro hujjati asosida ijro ishi qo‘zg‘atilib, zaruriy so‘rovnomalar yuborildi. Tekshiruvlar natijasida qarzdorning nomida rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmadi. Shundan so‘ng, fuqaro Sh. J. farzandlari voyaga yetguniga qadar bo‘lgan muddat uchun alimentni oldindan hisoblab berishni so‘rab, ariza bilan murojaat qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yil 1-avgustdan 2041-yil 1-aprelgacha bo‘lgan 16 yillik davr uchun aliment majburiyati jami 2 milliard 442 million 482 ming 580 so‘mni tashkil etdi.
Ijro harakatlari davomida qarzdor belgilangan mablag‘ni to‘liq to‘ladi va u undiruvchi Sh. D.ga topshirildi. Undiruvchining roziligiga asosan ijro hujjati amalda tamomlangan deb hisoblandi.







