Fransiya muxolifati Makronni hokimiyatdan chetlatmoqchi
“France Unbowed” partiyasi 23-sentabr kuni Makronni hokimiyatdan chetlatish masalasini parlamentga kiritadi.

Fransiyada chap qanot muxolifati Prezident Emmanuel Makronni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha navbatdagi tashabbusni ilgari surmoqda. Bu haqda “France Insubordinate” (“France Unbowed”) partiyasi rahbari Jan-Lyuk Melanshon France Inter radiokanali efirida ma’lum qildi.
Melanshonning so‘zlariga ko‘ra, partiya 2025-yil 23-sentabr kuni parlamentga prezidentni hokimiyatdan chetlatish masalasini kiritmoqchi. Unga ko‘ra, bu tashabbus ishonchsizlik votumiga qo‘shimcha sifatida ko‘rib chiqiladi.
“Bir yil avval biz prezident iste’fosi masalasini ko‘targan edik. Endi esa 23-sentabrda bu masalani yana qayta ko‘tarib chiqamiz. Ehtimol, o‘sha vaqtga kelib hukumat allaqachon qulagan bo‘ladi, ammo biz Makronni hokimiyatdan chetlatishni taklif qilamiz”, — dedi Melanshon.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda “France Unbowed” partiyasi Makronga qarshi impichment jarayonini boshlab, prezidentni lavozimidan ozod etish bo‘yicha rezolyutsiya kiritgan edi. Biroq Milliy assambleya qonunchilik komissiyasi rezolyutsiyani rad etgan (15 ovoz yoqlab, 54 ovoz qarshi).








