O‘zbekistondagi qurilish obyektlarida QR-kodli pasport o‘rnatish tartibi joriy etildi
Yangi tartib 2025-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradi.

Adliya vazirligi tomonidan 26-avgust kuni “Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport o‘rnatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3672). Yangi tartibga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab O‘zbekiston hududidagi barcha qurilish obyektlarida QR-kodli pasportlar majburiy tarzda o‘rnatiladi.
Pasport qurilish obyekti hududiy inspeksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan kunning o‘zida buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki barcha uchun ko‘rinadigan joyga joylashtiriladi. U obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar o‘rnatilgan holatda turishi shart.
Qurilish pasportlari namlik va tashqi ta’sirlarga chidamli materialdan tayyorlanadi. Uning o‘lchami 2400x1200 millimetr bo‘lib, er sathidan kamida 1 metr balandlikda o‘rnatilishi belgilangan.
Hududiy inspeksiya tomonidan obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilgach, “Shaffof qurilish” axborot tizimida mazkur obyektga oid dastlabki ma’lumotlar joylashtiriladi va ular uchun QR-kod avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu tizim qurilish jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.







