Toshkentda xalqaro standartlarga mos yangi aeroport qurib bitkazildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi.

27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida qurib bitkazilgan zamonaviy aeroport majmuasini borib ko‘rdi.
Mazkur yirik loyiha 2017-yilda boshlangan bo‘lib, pandemiya va boshqa qiyinchiliklarga qaramay, muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etadigan aeroportda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, 3 ta harakatlanish yo‘li va 20 ta havo kemasiga mo‘ljallangan perron barpo etildi. Inshoot eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish imkoniyatiga ega.
Aeroport hududida “Boeing 787”, “Airbus A320” kabi havo kemalari, biznes-jetlar va vertolyotlar uchun maxsus angarlar qurildi. VIP va CIP terminallari zamonaviy qulayliklar bilan ta’minlanib, yuqori darajadagi mehmonlarni kutib olish, muzokaralar va brifinglar o‘tkazish imkoniyatini beradi. CIP terminali soatiga 100 yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘lib, unda do‘kon va ovqatlanish maskanlari faoliyat yuritadi.
Aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or navigatsiya va meteorologik uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bu esa noqulay ob-havo sharoitlarida ham xavfsiz parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
“Toshkent-Sharqiy” aeroporti poytaxt va barpo etilayotgan “Yangi Toshkent” shahri uchun muhim transport hublaridan biriga aylanishi, xalqaro tashriflar, ishbilarmonlik aloqalari hamda investitsiyalar oqimini yanada kuchaytirishi kutilmoqda. Bu esa xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari majmua hududida jamoat faollari va nuroniylar bilan muloqot qilib, aeroportning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.







