Uzbekistan Airways endi qaytish chiptasini avtomatik bekor qilmaydi
Agar yo‘lovchi parvozni bekor qilmoqchi yoki uchish sanasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, bu haqda aviakompaniya agentiga oldindan xabar berishi lozim bo'ladi.

Uzbekistan Airways Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi asosida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan yangi qoidalarni joriy etmoqda. Endilikda, birinchi parvozga chiqmagan yo‘lovchilar qaytish chiptasidan ham foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar yo‘lovchi parvozdan voz kechmoqchi yoki uchish sanasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, bu haqda aviakompaniya agentiga oldindan xabar berishi lozim. Bunday holatda chipta qayta rasmiylashtiriladi yoki tarif shartlariga muvofiq qaytariladi. Agar yo‘lovchi xabar bermagan bo‘lsa, chipta qiymatini qaytarish yoki o‘zgartirish jarayonida foydalanilmagan parvoz kuponlari qiymatining 100 foizi miqdorida jarima undiriladi.
Shuningdek, endilikda birinchi reysdan foydalanmagan yo‘lovchi chipta avtomatik bekor qilinmasdan, keyingi parvozlarda undan foydalanishi mumkin. Shu bilan birga, foydalanilmagan parvozlar bo‘yicha chipta qiymatidagi aeroport yig‘imlari va aviakompaniya to‘lovlari qaytarilishi mumkin.
Uzbekistan Airways yangi tartib bo‘yicha texnik imkoniyatlarni yakuniy sinovdan o‘tkazmoqda. Mutasaddilar bu o‘zgarish yo‘lovchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishi, hamda ichki aviatsiya bozorida xizmat sifatini oshirishiga ishonch bildirmoqda.







