Afg‘oniston va Tojikiston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi
To‘qnashuvda bir afg‘on halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan.

24-avgust kuni Tojikistonning Badahshon viloyati, Dovang chegara hududida Afg‘onistondagi “Tolibon” Muvaqqat hukumati kuchlari va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda mahalliy OAV — “Shana news” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otishma oqibatida bir afg‘onistonlik halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari jarohat olgan. Mahalliy manbalar hodisaning sababi sifatida hududdagi Xitoy konchilik kompaniyalari faoliyati va Amudaryo oqimining buzilishini ko‘rsatmoqda.
“Tolibon” va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi vaqtlarda taranglashib bormoqda. “Afghanistan International”ning yozishicha, to‘qnashuvdan so‘ng ikki tomon vakillari uchrashuv o‘tkazib, daryo suvi va konchilik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan. Uchrashuv davomida tomonlar bir-birini hududlarida muxolif guruhlarni qo‘llashda ayblagan.
Ma’lumot uchun, 17-iyuldan 10-avgustgacha Tojikistondan qariyb 1000 nafar afg‘onistonlik majburan deportatsiya qilingani xabar qilingan edi. “Panji Poyon – Sherxon Bandar” chegara nazorat punkti orqali jami 1647 kishi Afg‘onistonga qaytarilgan, shundan 976 nafari majburan chiqarib yuborilgan.







