Farg‘onada fermer 3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘ldi
U yer uchun 20 ming dollardan ortiq mablag' talab qilgan.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga urinish holati aniqlandi. Bu haqda Zamon.uz'ga DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi rahbari xaridorni xo‘jalik tasarrufidagi 3,7 gektar yerni go‘yoki 7 gektar deb ishontirib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 20 ming dollar hamda 100 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fermer kelishilgan pul mablag‘ining 15 ming dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.








