Jinoyat

Toshkentda bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxslar ushlandi

Bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda ularga tan jarohatlari ham yetkazilgan.

Toshkentda bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxslar ushlandi

Toshkent shahrida noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi. Bu haqda Zamon.uz'ga DXX ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, 1992-yilda tug‘ilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining 2-bosqich talabasi bo'lgan shaxs Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birini ijaraga olib, moddiy manfaatdorlik evaziga, 2014–2021-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 9 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq berib kelgan.

 

Tekshiruv jarayonida 49 dona turli diniy mazmundagi kitoblar, 24 dona diniy darsliklar yozilgan daftarlar hamda 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda esa ularga turli darajada tan jarohatlari ham yetkazilgan.

 

Shuningdek, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumta’lim maktabidagi darslarga bormagan, aksincha, majburan uyda saqlanib, hatto ularga ko‘chaga chiqishga ham ruxsat berilmagan.

 

Hozirda ushbu manzildan olingan diniy adabiyotlar va kompyuter texnikasi yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, qonunbuzar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

 

Shuningdek, bolalarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

 

Shu bilan birga, Yangihayot tumanida yuqorida keltirilgan talabaning  nodavlat oliy ta’lim muassasasidagi o‘qituvchisi ham ijara xonadonda bolalarga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotgani ma’lum bo‘ldi.

 

U va turmush o‘rtog‘i tomonidan 2009–2018-yillarda tug‘ilgan 5 nafar bolaga saboq o‘tilgan bo‘lib, ular orasida Tojikiston Respublikasi fuqarosining ham farzandi bor.  

 

Hozirda ushbu holat bo‘yicha tegishli ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"