Toshkentda MChJ yerto‘lasidan 50 ming dollar o‘g‘irlagan “kurer” ushlandi
Unga pulni o'g'irlashda mazkur MChJ haydovchisi yordam bergan.

Toshkent shahrida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat yerto‘lasidan ichida 50 ming AQSH dollari bo‘lgan seyfni o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Yunusobod tumani 2-mavzesida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs MCHJ yerto‘lasidan ichida katta miqdorda pul bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketgan. Holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabar kelib tushgach, tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan.
Tezkor chora-tadbirlar natijasida jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxslar aniqlanib, ushlangan. Ular — 1988-yilda tug‘ilgan B., 2000-yilda tug‘ilgan Sh. hamda mazkur MCHJda haydovchi bo‘lib ishlagan A. ekani ma’lum bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatni amalga oshirishda MChJ xodimi — haydovchi A. yordam bergan. U sheriklariga samokat, buyurtma yetkazuvchilar sumkasi va shlem taqdim etgan. Sh. esa tunda ofisga borib, yerto‘lada joylashgan seyfni olib, hodisa joyidan yashiringan.
Gumonlanuvchilardan biri qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, o‘z xatosini tan olgan. Yana biri esa oilasi va farzandlari oldida uyatga qolganini aytgan hamda kechirim so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu moddaga muvofiq, aybdorlarga nisbatan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.







