O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi

Prezident “Matonat madhiyasi” va "Millat fidoyilari" yodgorliklari poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.

 

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari G‘alaba bog‘ida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi.

 

 

An’anaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Mazkur muazzam obida urushda xalq chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.

 

“Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”. – dedi davlat rahbari.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. 

 

Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

 

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.

 

O‘zbekiston urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.

 

 

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

 

“Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi”, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

Majmuada mustaqillik yillarida Vatan ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.

 

 

Davlat rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

 

2025-yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin o‘zbekistonliklar va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.

 

Bu yerda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, “Kelajak soati” darslari o‘tkazilmoqda. Bunday ishlar, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

 

Joriy yil buyuk Amir Temurning 690 yillik tavallud sanasi O‘zbekistonda, chet ellarda keng nishonlanyapti. Sohibqironning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mash’alasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulug‘ an’anani jasur askar, ofitser va generallar munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular xalqning katta boyligi, Vatanning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani ta’kidlandi.

 

“Bugun bu yerda saf tortib turgan “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Joriy yil O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu sana “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinadi.

 

“Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, – dedi davlat rahbari.

 

“Millat fidoyilari” xiyoboni kecha-yu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishi qayd etildi.

 

custom img

Dunyoda shakar taqchilligi xavfi kuchaymoqda: narxlar 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

El-Nino shakar bozoriga eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy hodisalardan biri hisoblanadi.

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"