Metroda 5 vagonli poyezdlar qatnay boshlaydimi? Rasmiy munosabat bildirildi
Toshkent metropoliteni 20-noyabrgacha 5 vagonli harakat tarkiblari yo‘lga qo‘yilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida 20-noyabrgacha 5 vagonli harakat tarkiblari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabarlar tarqaldi. “Toshkent metropoliteni” AJ ushbu ma’lumot haqiqatga mos kelmasligini bildirdi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, hozirda yo‘lovchilar oqimi yuqoriligini inobatga olib, qo‘shimcha zaxira poyezdlarini jalb etish orqali harakat intervallarini o‘rtacha 2–3 daqiqagacha qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, 5 vagonli harakat tarkiblarini joriy yilning 20-noyabridan boshlab yo‘lovchilar tashish jarayoniga jalb etish rejalashtirilmagan.
Qayd etilishicha, 5 vagonli poyezdlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Toshkent metropoliteni” AJ, Transport vazirligi va Toshkent shahar Kengashi bilan kelishilgan holda tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, qo‘shimcha vagonlarni xarid qilish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.
Rejaga ko‘ra, 2027-yil sentabr oyiga qadar mavjud harakat tarkiblarining 80 foizi — jami 54 ta poyezd 5 vagonli shaklga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Metropoliten fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni ulashishda rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.








