Sport

“Portugaliyaga qarshi o‘z rejamiz bor” — Fabio Kannavaro

O‘zbekiston bosh murabbiyi Portugaliya faqat Krishtianu Ronaldudan iborat emasligini, jamoa kuchli raqibdan qo‘rqmasligini va ijobiy natija uchun oxirigacha kurashishini aytdi.

“Portugaliyaga qarshi o‘z rejamiz bor” — Fabio Kannavaro

 

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH—2026 guruh bosqichi doirasida Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi uchrashuv oldidan tashkil etilgan rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda italiyalik mutaxassis raqibning kuchli jihatlari, jamoaning tayyorgarligi va o‘yin uchun tanlangan strategiya haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Kannavaro Portugaliya terma jamoasi jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri ekanini ta’kidlab, raqibni faqat Krishtianu Ronaldu bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.

 

Portugaliya juda kuchli jamoa. Ularning qanotlarda yuqori saviyali futbolchilari bor, yarim himoya chizig‘i esa dunyoning eng kuchli chiziqlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri ham shu jamoa safida to‘p suradi. Biroq biz faqat Ronalduni emas, butun Portugaliya jamoasini hisobga olgan holda tayyorgarlik ko‘rdik. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham yuqori darajadagi futbolchilar ko‘p. Shu bilan birga, Ronalduni bir soniyaga ham nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishi mumkin”, — dedi mutaxassis.

 

Bosh murabbiy murabbiylar shtabi Portugaliya terma jamoasining o‘yin uslubini batafsil o‘rganganini va jamoa bo‘lajak bahs uchun o‘z strategiyasini ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

 

Biz Portugaliyaning futbol falsafasini tahlil qildik. Ular to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yaxshi ko‘radi va odatda uchrashuvni yuqori bosim bilan boshlashga harakat qiladi. Ular imkon qadar tezroq o‘yin taqdirini hal qilishni istashadi. Shundan kelib chiqib, biz ham kerakli tayyorgarlikni ko‘rdik. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor. Maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo bundan qo‘rqmaymiz. Ijobiy natijaga erishishning yagona yo‘li — jamoa sifatida birgalikda harakat qilish va oxirigacha kurashishdir”, — dedi Kannavaro.

 

Italiyalik mutaxassis futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, murabbiylar shtabi terma jamoaga kelganidan buyon futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash ustida ish olib borgan.

 

Ba’zi futbolchilar turli chempionatlardan kelishdi, ayrimlarida esa ma’lum muammolar bor edi. Shunga qaramay, so‘nggi uchrashuvda jamoaning jismoniy holati yaxshi ekanini ko‘rdik. Futbolchilar o‘yinni yuqori tempda yakunladi. Statistik ma’lumotlarni tahlil qilish oson emas. Men faqat yugurilgan masofa yoki jismoniy ko‘rsatkichlarga qarash tarafdori emasman. Muhimi — to‘pni qanday nazorat qilishingiz, uni qanchalik kam yo‘qotishingiz va qayerda qaytarib olishingizdir. Agar to‘pni ko‘p yo‘qotsangiz, uni qaytarib olish uchun yana ko‘proq kuch sarflashga majbur bo‘lasiz. Zamonaviy futbolda masala ko‘p yugurishda emas, balki to‘g‘ri yugurishda. Futbolchilar maydonda tartibsiz harakat qilmasligi, qayerda bosim qilish va qayerda to‘pni qaytarib olish kerakligini yaxshi bilishi zarur”, — deya ta’kidladi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi JCH—2026 guruh bosqichi ikkinchi tur uchrashuvi 23-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

custom img

Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyaning “Lugano” klubida davom ettiradi

18 yoshli futbolchi viza rasmiylashtirilgach, yangi jamoasi safiga qo‘shiladi.

custom img

UEFA Janni Infantinoni FIFA prezidenti lavozimidan chetlatmoqchi

UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati tijorat huquqlarini xususiy investorlarga topshirish rejasi bekor qilinganidan so‘ng tashkilot rahbariyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirdi.

custom img

“Bunyodkor” moliyaviy muammolar sabab Superliga doirasidagi safar o‘yiniga bormaydi

Jamoada xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ mavjud emas.

custom img

UEFA FIFA tijoriy rejasidan voz kechmasa, JCHni boykot qiladi

UEFA va unga a’zo 55 ta milliy futbol assotsiatsiyasi FIFA Jahon chempionati bo‘yicha yangi tijoriy rejasini bekor qilmasa, tashkilot musobaqalarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

custom img

FIFA sobiq Prezidenti Jahon chempionatiga investor jalb etish rejasini tanqid qildi

U mundial tijorat aktivi emas, balki jahon futbolining madaniy merosi ekanini ta’kidladi.

custom img

O‘zbekiston terma jamoasi FIFA kunlarida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi

Uchrashuv Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadi.

custom img

Eldor Shomurodovning goli JCh-2026'ning eng chiroyli 2-goli deb topildi

Shomurodov guruh bosqichining uchinchi turida Kongo DR darvozasiga gol kiritgandi.

custom img

Abduqodir Husanov “Manchester Siti” bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytiradi

Husanov o‘tgan mavsum klub safida 37 ta uchrashuv o‘tkazib, jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"