«Al-Nassr» Toshkentga kelmoqda: Ronaldu qaydnomada bormi?
«Paxtakor» va «Al-Nassr» o‘rtasidagi uchrashuv 2 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi.

Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri doirasida «Paxtakor»ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuv uchun Toshkentga yo‘l oldi. Biroq jamoa yetakchisi Krishtianu Ronaldu ushbu safarga jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Saudiyaning Arriyadiyah nashri xabar berishicha, «Al-Nassr» delegatsiyasi 31 oktyabr kuni Al-Ahso xalqaro aeroportidan xususiy samolyotda O‘zbekiston poytaxtiga uchib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, jamoa bosh murabbiyi Ange Postekoglu Krishtianu Ronaldu bilan bir qatorda Muhammad Simakan va Kingsli Komanni ham Toshkentga olib kelishga qaror qilmagan. Shu tariqa, uch futbolchi «Paxtakor»ga qarshi bahsni o‘tkazib yuboradi.
Qayd etish joiz, avvalroq Kingsli Koman «Neftchi»ga qarshi uchrashuvda jarohat olganiga qaramay, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgani xabar qilingandi. Muhammad Simakan ham jarohatidan tiklanib, maydonga tushishga tayyor edi.
Postekoglu esa Toshkentdagi uchrashuv uchun Abdurahmon Sufyoniy, darvozabonlar Abdulhodi al-Alvon va Abdurahmon al-Utaybiy, shuningdek, Rakan al-G‘omidiy hamda Avvad Amanni tarkibga jalb qilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Al-Nassr» Saudiya Arabistoni chempionatining so‘nggi turida «Al-Xulud»ni 5:3 hisobida mag‘lub etgan. Ushbu bahsda Krishtianu Ronaldu xet-trik qayd etgan bo‘lsa, Joau Feliks to‘rtta golli uzatmani amalga oshirgan.
«Al-Nassr» Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirining G‘arb mintaqasida hozirga qadar bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etib, 3 ochko bilan 9-o‘rinda bormoqda. Jamoaning BAAning «Al-Vasl» klubiga qarshi 3-tur uchrashuvi esa boshqa muddatga qoldirilgan.
«Paxtakor» va «Al-Nassr» o‘rtasidagi uchrashuv 2 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi.
Toshkentdagi bahsdan keyin Saudiya klubi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Al-Qasim mintaqasiga yo‘l oladi. U yerda jamoa 6 noyabr kuni milliy chempionat doirasida «Al-Hazm»ga qarshi maydonga tushadi.








