Infantino JChni kengaytirish fikridan qaytdi: jamoalar soni 48 ta bo‘lib qoladi
The Times ma’lumotiga ko‘ra, musobaqani kengaytirish taklifi UEFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi qarshiligiga uchragan.

FIFA prezidenti Janni Infantino 2030-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirokchilar sonini 48 tadan 64 taga oshirish taklifini ilgari surmaslikka qaror qildi. Bu haqda The Times nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Infantino FIFA prezidentligiga yangi muddatga qayta saylangan taqdirda ham Jahon chempionati va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchilari sonini yanada ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlamasligini qit’a futbol konfederatsiyalari rahbarlariga bildirgan.
Infantino 2026-yilgi Jahon chempionatida 48 ta terma jamoa ishtirok etishini muvaffaqiyatli tajriba deb baholab, 2030-yilgi musobaqani 64 ta jamoagacha kengaytirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqish kerakligini aytgan edi. U bu haqda 11-iyul kuni Blue Sport nashriga bergan intervyusida so‘z yuritgan.
64 ta jamoa ishtirokidagi turnirni o‘tkazish taklifi dastlab Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) tomonidan ilgari surilgan. Tashkilot bu tashabbusni 2030-yilda Jahon chempionatining 100 yilligi nishonlanishi bilan bog‘lagan.
The Times nashrining yozishicha, Infantino musobaqani kengaytirish orqali FIFA prezidentligiga qayta saylanish arafasida turli milliy futbol assotsiatsiyalari vakillarining qo‘llab-quvvatlashini saqlab qolishga intilgan. Biroq bu taklif Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) va Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) qarshiligiga uchragan.
Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlarini xususiy investorlarga sotish rejasi ortidan ham tanqidlarga uchragan. Mazkur tashabbus FIFA rahbariyatiga nisbatan ishonch va tashkilot boshqaruvi yuzasidan bahslarni kuchaytirgan.
Infantino 2016-yildan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yil mart oyida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.








