O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xitoyning yetakchi muzeylari bilan hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muzeylari bilan yangi hamkorlik dasturi taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasida «O‘zbekiston — Xitoy: sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy meros» mavzusida madaniy-ma’rifiy hamda media tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muzeylari, ilmiy muassasalari va madaniy tashkilotlari bilan hamkorligining yangi dasturi taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda diplomatik korpus, davlat idoralari vakillari, yetakchi muzeylar rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, arxeologlar, san’atshunoslar, madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari hamda ikki mamlakat ekspertlar hamjamiyatining 200 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, uning noyob konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro missiyasi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tomonlar qo‘shma muzey ko‘rgazmalari, arxeologik tadqiqotlar va ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy-nashr loyihalarini amalga oshirish, multimedia ekspozitsiyalarini yaratish, mutaxassislar almashinuvi dasturlari va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish rejalarini taqdim etdilar.
Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarni aks ettiruvchi tarix va madaniyat yodgorliklarini aniqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov, shuningdek, Xitoyning yetakchi ilmiy muassasalari vakillari hamda O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi ishtirokchilari tabrik so‘zlari bilan chiqish qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy, muzey va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muassasalari bilan hamkorligi yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar sheriklikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev o‘z nutqida:
«Bugungi kunda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Har tomonlama strategik sheriklikning mustahkam poydevori mamlakatlarimiz rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va do‘stona munosabatlarga tayanadi», — deya ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar hamkorlik va madaniy diplomatiya ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ilm-fan va madaniyat sohasidagi qo‘shma loyihalar ushbu sheriklikka yangi amaliy mazmun bag‘ishlamoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi turli mamlakatlar muzeylari, ilmiy institutlari, arxivlari, kutubxonalari va tadqiqot markazlarini umumiy madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida birlashtiruvchi xalqaro maydonga aylanayotgani alohida qayd etildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Xan Suxeyl shunday dedi:
«Bugun biz tarixiy voqeaning guvohi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldik. Pekin shahrida Toshkentda barpo etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazining keng ko‘lamli taqdimoti o‘tkazildi. U allaqachon jahon ahamiyatiga ega markazga aylandi. O‘zbekistonga nisbatan alohida mehr tuyg‘usi bilan aytamanki, mening eng yaxshi talabalik yillarim aynan shu mamlakatda o‘tgan. Shu bois, bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ezgu orzusi bo‘lganini yaxshi bilaman. Uning amalga oshirilishi Yangi O‘zbekiston barpo etish g‘oyasining mohiyati va buyuk sivilizatsiyalar ruhini butun dunyoga namoyon etdi».
Qayd etilganidek, Xitoylik hamkorlar bilan erishilgan kelishuvlar qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, nashriyot va ta’lim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy muzey texnologiyalarini joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Pekin xalqaro muloqot klubi Bosh kotibi Xan Xua esa:
«O‘zbekiston jahon madaniyati va san’atining muhim markazlaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda bu ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati samarasidir. U o‘z yurtining boy madaniy va ma’naviy merosini, insoniyatning buyuk allomalari yashab ijod qilgan va jahon ilm-fani hamda ma’rifatining yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan zamin ekanini butun dunyoga mehr bilan targ‘ib etmoqda», — deb ta’kidladi.
Tadbirning yana bir muhim voqeasi sifatida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasida doimiy faoliyat yurituvchi ikki ekspozitsiya ochildi. Ulardan biri mamlakatning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning O‘zbekiston tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy nashrlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasidir.
— Biz muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston va Xitoy hududlari buyuk sivilizatsiyalar beshigi va haqiqiy merosxo‘ri ekanini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib etish borasidagi ulkan sa’y-harakatlarida o‘ziga xos uyg‘unlikni ko‘ryapmiz. Aynan davlat rahbarlarimizning me’moriy g‘oyasi asosida bugun Pekinda Arxeologiya muzeyi, Toshkentda esa Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan xitoylik delegatsiyalar ta’kidlaganidek, dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi ekspozitsiyalarida islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik yo‘li jonli aks etgan. Shu bois ham mazkur markazning Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani bejiz emas. Yaqin vaqt ichida tashkilotlarimiz sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yadi va yirik qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga kirishadi, — dedi Xitoy Tarix akademiyasi vitse-prezidenti, Arxeologiya muzeyi direktori Lyu Gusyan.
Mazkur tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safariga yakun yasadi. Safar davomida delegatsiya mamlakatning qator yetakchi muzeylari va ilmiy muassasalari rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, Gonkong Saroy muzeyi, Xitoy Milliy muzeyi, Xitoy Arxeologiya muzeyi, Saroy muzeyi (Gugun), Shensi tarixi muzeyi hamda Xarbin muzeyida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida hamkorlik to‘g‘risida bir qator memorandumlar imzolandi hamda qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, muzey va ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Safarning eng muhim natijalaridan biri Xitoy muzeylari va xususiy kolleksiyalarida sug‘d madaniyatiga oid noyob eksponatlar hamda hozirgi O‘zbekiston hududi tarixi bilan bog‘liq boshqa qimmatli artefaktlarni aniqlash bo‘ldi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan qo‘shma loyihalarning yangi dasturini amalga oshirishga kelishib oldilar. Ushbu dastur Xitoy to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy albom tayyorlash, o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish, muzeylar hamkorligini kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Tashrif yakunlari O‘zbekiston va Xitoyning madaniy merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi. Tomonlar uzoq muddatli qo‘shma muzey, ilmiy, ta’lim va madaniy loyihalarni izchil amalga oshirishga intilishlarini bildirdilar.









