Prezident V yozgi Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga ham minnatdorlik bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada o‘tkazilgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning murabbiylari va ota-onalarini tabrikladi. Prezident tabrigida delegatsiya erishgan natijalarni mamlakat sporti tarixidagi tarixiy g‘alaba deb atadi.
O‘zbekiston sportchilari musobaqada 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza — jami 145 ta medalni qo‘lga kiritdi. Natijada mamlakat delegatsiyasi umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
Davlat rahbari sportchilar Osiyoning 45 ta davlatidan 2 600 nafardan ziyod para sportchi qatnashgan musobaqada yuksak mahorat va matonat ko‘rsatganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston vakillari jahon, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini yangilaganini qayd etdi.
Prezident, ayniqsa, O‘zbekiston delegatsiyasi qo‘lga kiritgan oltin medallarning teng yarmi ayol sportchilar hissasiga to‘g‘ri kelganini alohida ta’kidladi.
Tabrikda pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyeva jahon rekordini o‘rnatgani, para suzuvchi Yegor Bolotov ilk Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtirokidayoq to‘rtta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritgani qayd etildi. Shuningdek, 15 yoshli para velosportchi Boburbek Toshtemirov O‘zbekistonning Paraosiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritib, musobaqaning eng yosh chempioni sifatida tarixga kirgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev sportchilarning muvaffaqiyatlarini ularning tinimsiz mehnati, mustahkam irodasi va mamlakatda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasi deb baholadi. Davlat rahbari sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga ham minnatdorlik bildirdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Yaponiyada erishilgan natijalar va to‘plangan tajriba 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik uchun mustahkam zamin yaratadi.








