145 medal, tarixiy natija: O‘zbekiston paralimpiyachilari kuchli uchlikda
Bu delegatsiya tarixidagi eng yaxshi natija bo‘ldi.

Yaponiyada 18–24-oktyabr kunlari o‘tkazilgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.
Mamlakatimiz sportchilari musobaqada jami 145 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 45 tasi oltin, 49 tasi kumush va 51 tasi bronza medalidir.
Natijada O‘zbekiston umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Bu mamlakatimiz delegatsiyasining avvalgi eng yaxshi natijasiga nisbatan ikki pog‘ona yuqori ko‘rsatkichdir.
Musobaqa davomida sportchilarimiz jahon va Osiyo rekordlarini yangilab, Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini ham o‘rnatdi. Delegatsiyamiz vakili Boburbek Toshtemirov ham musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritib, rekord natija qayd etdi.
Bu natija o‘zbek parasportining yuksalayotgani, sportchilarimizning matonati va g‘alabaga bo‘lgan ishonchining yorqin namunasidir.








