O'zbekiston

Prezident ichki ishlar organlari xodimlariga tabrik yo‘lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoyatlarning oldini olish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifalar ekanini ta’kidladi.

Prezident ichki ishlar organlari xodimlariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan tizim xodimlarini tabrikladi. Davlat rahbari tabrigida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish masalalariga e’tibor qaratdi.

 

Prezidentning ta’kidlashicha, joriy yilda O‘zbekiston mahallalarining qariyb yarmida jinoyat sodir etilmagan. Bu natija ichki ishlar organlari xodimlari, mahalla faollari va aholining hamkorlikdagi mehnati samarasi sifatida qayd etilgan.

 

Shavkat Mirziyoyev har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish, kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish muhim vazifalar ekanini bildirdi.

 

Davlat rahbari giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarni bu illatlardan himoya qilish hamda ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtaldi. Bu borada nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, dual ta’limni rivojlantirish va mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar tajribasidan foydalanish zarurligi qayd etildi.

 

Prezident ichki ishlar organlari xodimlaridan jinoyatlarning oldini olishda tashabbuskorlik, xizmatda intizom va halollikni kutayotganini ta’kidladi. Fuqarolar bilan muloqotda ularni diqqat bilan tinglash, muammolarini qonuniy hal etishga ko‘maklashish tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi qayd etildi.

 

Shuningdek, tabrikda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar xotirasini e’zozlash, ularning oilalari va farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Tizim faxriylariga ham alohida ehtirom bildirildi.

 

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari xodimlariga mustahkam sog‘liq, oilalariga tinchlik va farovonlik, xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.