Vengriyada polshalik sayyohlar avtobusi ag‘darilib, 12 kishi halok bo‘ldi
Politsiya haydovchi uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Haydovchi hibsga olingan.

Vengriyaning sharqida polshalik sayyohlarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 37 kishi jarohatlandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Hodisa 16-avgust kuni Mezokereshtesh shahri yaqinidagi M3 avtomagistralida sodir bo‘lgan. Serbiyadan Polshaga yo‘l olgan avtobusda 57 nafar yo‘lovchi va ikki haydovchi bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus yo‘ldan chiqib, zovurga tushgan va ag‘darilgan. Politsiya haydovchi uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Haydovchi hibsga olingan.
11 kishi voqea joyida, yana bir kishi shifoxonada vafot etgan. Qutqaruvchilar avtobus ichida qolib ketgan ayrim yo‘lovchilarni derazalar orqali olib chiqishga majbur bo‘lgan.
Mazkur halokat Vengriyada 2003-yildan buyon eng ko‘p qurbonli yo‘l-transport hodisasi bo‘ldi. O‘sha yili Siofok shahrida poyezd nemis sayyohlarini olib ketayotgan avtobus bilan to‘qnashishi oqibatida 33 kishi halok bo‘lgan.








