Rossiya neft eksportiga zarba: Ukraina Samara viloyatidagi stansiyani nishonga oldi
Ukraina harbiylari ushbu obyektni Rossiyaning urushni moliyalashtirayotgan neft sanoati uchun muhim infratuzilma deb atagan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Samara viloyatidagi neft transporti infratuzilmasiga dronlar orqali zarba berilganini ma’lum qildi. Harbiylar hujum oqibatida neft saqlanadigan bir nechta rezervuarda yong‘in chiqqanini bildirdi.
Bosh shtab bayonotiga ko‘ra, nishonga olingan stansiya Rossiya neft sanoatining muhim obyektlaridan biri hisoblanadi. Unga Tatariston, G‘arbiy Sibir va mamlakatning boshqa neft qazib oluvchi hududlaridan magistral quvurlar orqali xomashyo yetkaziladi. Stansiyada turli tarkibdagi neft aralashtirilib, Rossiyaning asosiy eksport markalaridan biri — Urals shakllantiriladi.
Ukraina harbiylari ushbu obyektni Rossiyaning urushni moliyalashtirayotgan neft sanoati uchun muhim infratuzilma deb atagan.
13-noyabr kuni Samara viloyati gubernatori Vyacheslav Fedorishchev sanoat korxonasiga berilgan zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Biroq u hujum qaysi korxonaga qaratilganiga aniqlik kiritmagan.
Ma’lumot uchun, 30-oktyabr kuni Ukraina Samara viloyatidagi Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilgan edi. Shundan so‘ng Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar qayta kuchaygan.
Ukraina Bosh shtabi joriy hafta mamlakatdagi beshta yirik neftni qayta ishlash zavodi — Omsk, Leningrad, Ryazan, Nijniy Novgorod va Yaroslavl viloyatlaridagi korxonalar so‘nggi kunlarda hujumga uchraganini bildirgan.








