Ruandada deportatsiya markazi: Germaniya va yana to‘rt davlat kelishuvga tayyorlanmoqda
Tashabbus inson huquqlari tashkilotlarining tanqidiga sabab bo‘lmoqda.

Germaniya, Avstriya, Gretsiya, Daniya va Niderlandiya boshpana olish haqidagi arizasi rad etilgan migrantlarni joylashtirish uchun Ruandada maxsus markaz tashkil etish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashdi. Bu haqdagi reja 16-noyabr kuni rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Markazga boshpana so‘rash haqidagi arizasi rad etilgan va Yevropa Ittifoqi hududini tark etishi lozim bo‘lgan, biroq kelib chiqish mamlakatiga qaytarish imkoni bo‘lmagan shaxslar yuborilishi rejalashtirilmoqda.
Rejaga ko‘ra, markaz Yevropa Ittifoqidan tashqarida tashkil etiladigan «qaytarish markazlari» (return hubs) tizimining bir qismi bo‘ladi. Bunday markazlarni tashkil etish imkonini beruvchi yangi migratsiya qoidalari 2026-yil oktyabr oyida kuchga kirgan. Besh davlat markaz faoliyatini 2027-yilda yo‘lga qo‘yishni ko‘zlamoqda.
Tashabbus inson huquqlari tashkilotlarining tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Xalqaro qutqaruv qo‘mitasi vakili Marta Velander bunday markazlar migrantlarning huquqlari buzilishi xavfini oshirishi mumkinligini bildirgan. Huquq himoyachilari migrantlarning Yevropa Ittifoqi hududidan tashqarida saqlanishi, ularning huquqiy himoyasi va yashash sharoitlari yuzasidan xavotir bildirmoqda.
Avvalroq Ruandadan tashqari Uganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bunday markazlarni joylashtirish uchun ehtimoliy hamkor davlatlar sifatida ko‘rib chiqilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.








