Buyuk Britaniya Isroil kompaniyalariga sanksiya kiritdi: ular G‘arbiy Sohilda noqonuniy uy qurgan
Sanksiyalar G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan ko‘chmanchilar guruhiga nisbatan ham qo‘llanilgan.

Buyuk Britaniya hukumati bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroil aholi punktlarini qurayotgan sakkizta kompaniya va G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan ko‘chmanchilar guruhiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
17-noyabr kuni e’lon qilingan cheklovlar doirasida Har Hevron Development Company Ltd, Hemdat Shomron Ltd va SAG (Velvel) Construction and Development Ltd kompaniyalarining aktivlari muzlatiladi. Ushbu kompaniyalar xalqaro huquqqa zid deb hisoblanadigan G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlarida uy-joy qurish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Sanksiyalar E1 aholi punkti loyihasi bo‘yicha tender takliflarini topshirish muddati yakunlanishi arafasida e’lon qilindi. Mazkur loyiha amalga oshirilishi G‘arbiy Sohilni ikkiga ajratishi, uni bosib olingan Sharqiy Quddusdan uzib qo‘yishi va falastinliklar kelajakdagi mustaqil davlati uchun mo‘ljallayotgan hududlarning yaxlitligini buzishi mumkin.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband hukumatning asosiy maqsadi ikki davlat yechimini himoya qilish ekanini ta’kidladi.
“E1 loyihasi bo‘yicha pozitsiyamiz qat’iy: tenderda ishtirok etmang, qurilishga kirishmang va ikki davlat tamoyiliga putur yetkazish hisobiga foyda ko‘rmang”, — dedi u.
Shuningdek, Buyuk Britaniya G‘azoga oziq-ovqat, suv va yoqilg‘i yetkazayotgan gumanitar yordam yuk mashinalari harakatiga muntazam to‘sqinlik qilganlikda ayblanayotgan Tzav 9 guruhiga ham sanksiya joriy etdi.
Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi halokatli suv toshqinlaridan keyin minglab oilalar insonparvarlik yordamiga muhtojligini bildirganidan so‘ng qabul qilingan.
So‘nggi uch yil ichida Buyuk Britaniya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar G‘azodagi urush hamda Isroil hukumatining G‘arbiy Sohildagi aholi punktlarini kengaytirish rejalari sabab sezilarli darajada yomonlashgan.
Sentyabr oyida Isroil Londonning Isroil aholi punktlariga nisbatan savdo sanksiyalarini joriy etish qaroriga javoban Buyuk Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi konsulligini yopish bilan tahdid qilgan. Biroq o‘tgan oy ikki davlat diplomatlari konsullik yopilishining oldini olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
G‘arbiy Sohilda reydlar davom etmoqda
Bu orada, 17-noyabr kuni Isroil kuchlari G‘arbiy Sohilning bir qancha hududlarida reydlar o‘tkazib, falastinliklarni hibsga olgan. Bu haqda Falastinning WAFA axborot agentligi xabar berdi.
Tibbiyot xodimlarining ma’lumotiga ko‘ra, 16-noyabrga o‘tar kechasi Yerixo gubernatorligidagi Ayn ad-Duyuk at-Taxta qishlog‘i hududida isroillik ko‘chmanchilar falastinliklarga qarata o‘q uzgan. Hujum oqibatida bir nafar falastinlik ayol halok bo‘lgan, yana 10 kishi, jumladan, keksa yoshli erkak jarohatlangan.
Bundan tashqari, Isroil harbiylari Jalazun qochqinlar lageriga bostirib kirib, ikki kishini hibsga olgan. Al-Bireh shahrida esa bir xonadon tintuv qilinib, yana bir kishi qo‘lga olingan.
Isroil qo‘shinlari Nablus va Tubas shaharlari, shuningdek, Baytlahm gubernatorligidagi Xallet al-Luza va Bayt Faluh qishloqlarida ham reydlar o‘tkazgan. Harbiylar xonadonlar va do‘konlarni tintuv qilib, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.








