Jahon

Rossiya-Ukraina urushida yangi bosqich: muzokaralar, xorijlik askarlar, Shimoliy Koreya va yangi mobilizatsiya xavfi

Rossiya-Ukraina urushi besh yildan oshgan bir paytda tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yana kun tartibiga chiqmoqda. Biroq muzokara stoliga o‘tishdan oldin Moskva ham, Kiyev ham frontdagi pozitsiyasini imkon qadar kuchaytirishga urinmoqda. Rossiyada esa urushni davom ettirish uchun insoniy resurs masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Rossiya-Ukraina urushida yangi bosqich: muzokaralar, xorijlik askarlar, Shimoliy Koreya va yangi mobilizatsiya xavfi



Rossiya xorijiy fuqarolarni harbiy xizmatga jalb qilishni kuchaytirmoqda, Shimoliy Koreya bilan harbiy hamkorlik esa yangi bosqichga chiqdi. Shu bilan birga, Rossiyada navbatdagi keng ko‘lamli mobilizatsiya ehtimoli haqidagi munozaralar ham kuchaymoqda.



Bu jarayonlar Rossiya-Ukraina urushining keyingi bosqichiga qanday ta’sir qilishi mumkin? Muzokaralar boshlanishi uchun tomonlarga nima kerak? Rossiya nima sababdan xorijlik jangchilarga tayanmoqda? Shimoliy Koreyaning urushdagi ishtiroki qanchalik muhim? Yangi mobilizatsiya Rossiya uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?



Shu savollar yuzasidan Zamon.uz jurnalisti Shohjahon Majidov siyosatshunos Muxtor Nazirov bilan suhbatlashdi.


Jurnalist: Rossiya-Ukraina urushi boshlanganiga besh yildan oshdi. Biroq tomonlar hali ham bir qarorga kelgani yo‘q. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga muzokaralar uchun o‘z shartlarini bildirgan. Rossiya esa Ukraina tomonidan hech qanday shart kelmaganini aytmoqda. Xo‘sh, aslida muzokaralar bo‘yicha qandaydir taklif yuborilganmi? Shuningdek, so‘nggi ma’lumotlarda Rossiya urushda katta talafotlar ko‘rgani aytilmoqda. Aslida vaziyat qanday?



Muxtor Nazirov: Har qanday mojaro oxir-oqibat muzokaralar bilan yakunlanishi oldindan ma’lum. Faqat muzokaralarga tomonlar qanday sharoitda va qanday shartlar bilan kelishi muhim. Ya’ni kimning pozitsiyasi kuchli, kimniki esa ojiz ekanligi katta ahamiyatga ega.



Hozir muzokaralarni boshlashga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil shuki, har ikki tomon ham urushdan g‘alaba qozongan holda chiqib, muzokara stoliga o‘tirishni istayapti. Bu esa amalda imkonsiz. O‘rtada kim vositachi bo‘lishidan qat’i nazar, har ikki tomon ham nimadandir voz kechishi kerak.



Hozir urush shunday bir bosqichga keldiki, kim ma’nan haq, kim ma’nan nohaq degan masala kun tartibida emas. Ma’naviy va huquqiy jihatdan olib qaralganda, bu Ukraina hududida bo‘layotgan urush va Ukraina xalqaro tan olingan hududlarini qaytarib olishga haqli. Amalda esa vaziyat ancha o‘zgargan.



Urush vayronkor va resurslar uchun kurash bosqichiga kirib bo‘ldi. Ya’ni oxirgi resurs qolguncha davom etadigan urushga aylanmoqda. Resurs deganda nimani nazarda tutyapmiz? Bu qurol-yarog‘, insoniy resurs, moliyaviy resurs, shuningdek, urushni davom ettirishga bo‘lgan qat’iy ishonch, ya’ni jamiyatning “urushni davom ettiramiz” degan kayfiyati.

 

Hozir raqobat mana shu resurslar atrofida kechmoqda.



Muzokaralar har qanday holatda ham bo‘ladi. Muzokarachi rolini bajarishga AQSh urinib ko‘rdi. Bundan avval Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning faoliyati haqida xabarlar bo‘lgan. Donald Trampning bu jarayonni qayta boshlash bo‘yicha tashabbuslarini ham ko‘rdik.



Yaqin kunlarda aynan shu muzokarachilar Kiyevga tashrif buyurishi, avval Ukraina tomoni bilan, keyin esa Moskva bilan muloqot qilishi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Hozircha uning aniq sanalari ma’lum emas.



Demak, tomonlar muzokaralar boshlanishidan oldin o‘z pozitsiyasini yaxshilashga va vositachilik funksiyasini bajarayotgan AQShga o‘z imkoniyatlari yuqori ekanini, shuningdek, muzokaralarda ko‘proq natija talab qilishga haqli ekanini ko‘rsatishga urinmoqda.

 

Bu jarayon dron zarbalari va infratuzilmaga berilayotgan hujumlarda ham ko‘rinmoqda. Masalan, yaqinda Ukraina tomonidan yanvar oyidan boshlab “faol mudofaa” deb nomlangan operatsiya olib borilayotgani haqida ma’lumot berildi. Ya’ni bu oddiy hujum emas, faol mudofaa operatsiyasi sifatida ta’riflanmoqda. Uning natijasida Ukraina ham Rossiyaga katta talafotlar yetkazdi va ayrim hududlarda, jumladan, Zaporojye yo‘nalishida ma’lum hududlarni ozod qildi.



Biz hozir mana shu jihatlarni bilamiz.


Jurnalist: Ammo Rossiyaning zarbalari G‘arb OAV tomonidan u qadar keng yoritilmayotgandek taassurot paydo bo‘ladi. Rossiyaning har bir zarbasida...



Muxtor Nazirov: Ha, bu ham amalga oshmoqda. Ukraina tomonidan berilayotgan xabarlarga e’tibor bersangiz, har bir hujumdan keyin kamida ikki-uch nafar, ayrim hollarda besh nafargacha inson halok bo‘layotgani haqida xabarlar chiqadi. Ya’ni bu halokatli zarbalar.



Ammo shunday tasavvur paydo bo‘lmasligi kerakki, Rossiya faqat Ukraina fuqarolarini nishonga olyapti yoki tinch aholi istiqomat qiladigan infratuzilmalarga zarba beryapti. Yo‘q. Harbiy obyektlar, logistika markazlari, pochta infratuzilmasi, energetika obyektlari, dron ishlab chiqaradigan korxonalar va sanoat hududlariga ham zarbalar berilmoqda.



Lekin biz axborot makonida yashayapmiz. Axborot oqimida asosiy urg‘u ko‘proq gumanitar jihatga qaratilmoqda. Ya’ni faqat tinch aholi yashaydigan hududlarga hujum qilinayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi.



Aslida esa bunday emas. Tomonlar, birinchi navbatda, harbiy obyektlarni nishonga olyapti. Lekin urush shunday narsaki, hamma vaqt ham reja bo‘yicha ketmaydi.



Dronlar uzoq masofaga uchgan sari o‘z trayektoriyasini yo‘qotishi mumkin. Dronlarga qarshi vositalar ishga solinganda uning yo‘nalishi o‘zgaradi yoki urib tushirilganida uning ayrim qismlari boshqa joyga tushib, u yerda portlash yuz berishi mumkin.



Yoki urushning psixologik qiymatini oshirish uchun Ukraina zarbalarining qayerga qaratilayotganiga e’tibor beraylik. Ularning maqsadlaridan biri Rossiyada urush kayfiyatini shakllantirish. Ya’ni urush qandaydir uzoq joyda sodir bo‘layotgan hodisa emas, balki Ukraina hududida, chegarada va Rossiyaning o‘zida ham sodir bo‘layotganini ko‘rsatish.



Ukraina Rossiya jamiyatiga urush yillarida ukrainaliklar qanday yashaganini tasavvur qildirishga harakat qilmoqda.



Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ham muhim rol o‘ynaydi. Hatto Ukraina zarbalari oqibatida Rossiya fuqarolari halok bo‘lsa ham, bu holat “Ukrainada ham shuncha odam halok bo‘ldi” degan argument bilan izohlanishga urinmoqda.



Aslida esa bu ikki holatni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish ham to‘g‘ri emas.


Jurnalist: Demak, Ukraina xalqaro va mahalliy mediadagi imkoniyatlardan yaxshi foydalanyapti, demoqchimisiz?



Muxtor Nazirov: Juda kuchli foydalanyapti. G‘arb mediasi bu jarayonni ko‘proq Ukraina nigohi bilan yoritmoqda.


Jurnalist: Lekin Rossiya tomonidan turib yoritayotgan medialar ham mavjud-ku. Rossiyadan tashqarida, masalan, Xitoy manbalarini, Shimoliy Koreya va Afrika manbalarini ham aytish mumkin.



Muxtor Nazirov: Jahon ommaviy axborot vositalarining asosiy va katta qismini baribir G‘arb OAV tashkil qiladi. Bu yerda G7 davlatlarining mediasi ham katta rol o‘ynaydi.

 

Rossiya tomonidan yoritilayotgan xabarlarda ham, Ukraina tomonidan berilayotgan xabarlarda ham bir narsani unutmaslik kerak: urush, avvalo, axborot urushidir.



Shuning uchun propaganda kuchli bo‘ladi. Har bir tomon raqibini ojiz, o‘zini esa kuchli qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Berilgan zarba natijasida obyekt butunlay yakson qilingani, juda katta talafot yetkazilgani yoki harbiy texnikalar yo‘q qilingani haqida xabar beriladi.



Aslida ham shundaymi yoki yo‘qmi — buni aniq bilish qiyin. Urushning yakuniy bahosini esa yerdagi vaziyat aks ettiradi. Front siljiyaptimi yoki yo‘qmi? Masalan, Ukrainaning sharqiy qismida front Rossiya tomonidan, yo‘qotishlarga qaramay, siljib borayotgani — fakt.

 

Ukrainaning ayrim hududlarni, xususan, Xerson va Zaporojye viloyatlarining ayrim qismlarini ozod qilgani ham fakt. Xaritalarda buni ko‘rish mumkin.



Lekin kundalik zarbalar va ularning natijalari borasidagi xulosalarning katta qismi propaganda bilan bog‘liq.



Buning maqsadi jamoatchilikka, xususan, Ukraina jamiyatiga g‘alaba qozonilayotgani haqidagi tasavvurni berish va qarshilik ko‘rsatishni davom ettirish borasidagi qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolishdir.



Hozirgi kunda Ukraina jamiyatida urush Ukraina g‘alabasi bilan yakunlanmaguncha davom etishi kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p.



Rossiyada ham xuddi shunday axborot siyosati olib borilmoqda. Zarba berilgan obyektlar, harbiylar, asirlar yoki asirlar almashinuvi haqida ma’lumotlar beriladi.



Asirlar almashinuvida ham propaganda elementi mavjud. Qancha ko‘p asir yoki halok bo‘lgan askar almashilsa, ichki auditoriyaga shuncha ko‘proq “biz g‘alaba qozonyapmiz, dushmanga katta talafot yetkazyapmiz, tashabbus biz tomonda” degan signal beriladi.

 

Bularning barchasi informatsion fonni shakllantiradi.



Rossiya axborot makonidagi asosiy maqsadlardan biri G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash shashtini pasaytirish. Ya’ni “Ukraina baribir bu urushda mag‘lub bo‘ladi, uni qo‘llab-quvvatlash befoyda, yaxshisi Rossiya bilan kelishish kerak va Rossiyadan yana arzon energetika olish orqali iqtisodiyotni tiklash lozim”, degan mazmun ilgari suriladi.



Ukraina axborot makonida esa boshqa narrativ mavjud: Rossiya ojizlashgan, katta yo‘qotishlarga duch kelgan, sanksiyalar ta’sir ko‘rsatmoqda va uzoq muddatli urush olib borish imkoniyati cheklanmoqda.



Shuningdek, “Rossiya hech qachon yadro qurolidan foydalana olmaydi, bu ko‘proq shantaj vositasi”, degan qarash ham ilgari suriladi.



Ya’ni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash orqali Yevropani ham himoya qilish mumkin, Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Yevropa ham yutqazadi, degan xabar ilgari surilmoqda.


Jurnalist: Shunday tendensiya ham mavjud edi. Masalan, urushning ikkinchi yoki uchinchi yilida Germaniya kansleri Ukraina yutqazsa, Rossiyaning keyingi nishoni Yevropa bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Shu sababli Yevropa mudofaaga ko‘proq mablag‘ sarflashi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishi kerakligini ta’kidlagan. Hatto Britaniya qo‘mondonlari Ukrainadagi hujumlar amalga oshirilgan hududlarga borib, u yerda amaliyotlar bilan tanishgan.



Muxtor Nazirov: Nazarimda, bu yerda Ukraina diplomatiyasining g‘alabasi haqida gapirish mumkin. Ukraina G‘arb davlatlarini o‘z pozitsiyasiga ishontira oldi.



Bucha va Irpin kabi hududlarga tashriflar, Rossiya hududiga dron zarbalarining berilishi, ballistik raketalar ishlab chiqarilishi haqidagi bayonotlar — bularning barchasi Ukraina harbiy salohiyatini ko‘rsatishga qaratilgan.



Hatto ballistik raketalar ishlab chiqarilayotgani va ularning taqdimotlari o‘tkazilgani haqida ham ma’lumotlar bor. Biroq ularning jang maydonidagi amaliy natijalari haqida hozircha yetarli ma’lumot yo‘q.



Qanotli raketalar ham qo‘llanmoqda.



Bu kabi faoliyat qanday paydo bo‘ldi? Nazarimda, Ukraina Rossiyadan katta hajmdagi javob zarbalari bo‘lmasligiga ma’lum darajada ishonch hosil qilgan.


Jurnalist: So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada nafaqat qurol-yarog‘, balki askarlar yetishmovchiligi ham yuzaga kelmoqda. Bunga dalil sifatida Rossiyaning o‘z fuqarolari, migrantlar va boshqa davlatlardan odamlarni urushga yollayotgani haqidagi ma’lumotlarni keltirish mumkin.



Hindistondan ham shunday xabarlar chiqdi. Hatto Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiyaga nota yuborib, hindistonliklarni vataniga qaytarish va ularni urushga yollamaslik masalasini ko‘targan edi.



Afrika davlatlaridan ham yollanayotganlar borligi haqida ma’lumotlar chiqmoqda. Shuningdek, Shimoliy Koreyaning 50 mingga yaqin askari Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor. Zelenskiy ham bu borada videolar va hujjatlarni e’lon qilgan.

 

Rossiya bundan keyin ham shu yo‘sinda davom etadimi? Ya’ni o‘z ittifoqchilaridan, xususan, askar jihatidan harbiy yordam olishni davom ettiradimi? Shimoliy Koreyadan qurol-yarog‘ olayotgani haqida ham xabarlar bor.



Muxtor Nazirov: Rossiyadagi vaziyatni kuzatar ekanmiz, ochiq manbalardagi ma’lumotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, yollanma askarlarni shartnoma asosida frontga yuborish tendensiyasi kuchli.



Bu jarayon Afrika, Yaqin Sharq, Hindiston, boshqa xorijiy davlatlar va Lotin Amerikasi mamlakatlarini ham qamrab olmoqda.



Ular ko‘pincha urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilmaydi. Ularga mehnat yoki front ortidagi ishlar uchun katta maosh va’da qilinadi. Kelganidan keyin esa og‘ir ijtimoiy-psixologik vaziyatga tushirib, shartnoma imzolashga majburlash holatlari kuzatiladi.



Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq holatlar ham shunday. Ularning aksariyati mehnat muhojiri sifatida Rossiyaga boradi, keyinchalik esa ayrimlari majburlik yoki boshqa yo‘llar bilan frontga jo‘natilayotganini ko‘ramiz.



Bu, albatta, frontdagi talafotlar yuqori ekanidan dalolat beradi.


Jurnalist: Chunki talafotlar yuqori ekanini bir tomondan shundan ham ko‘rish mumkin emasmi? Hatto harbiy tayyorgarligi bo‘lmagan odamlarni ham pul evaziga urushga yuborishmoqda.



Muxtor Nazirov: Ha. Agar bu ma’lumotlarga e’tibor qaratsangiz, u yerda tayyorgarlik jarayoni ham u qadar professional darajada emas. Masalan, ikki haftalik tayyorgarlik bosqichida asosan avtomatdan otish kabi boshlang‘ich ko‘nikmalar o‘rgatiladi.



Urush hozir shunday bir resurslar kurashiga aylanganini aytyapmiz-ku. Ukraina uchun asosiy cheklangan resurs — insoniy resurs. Rossiyada esa bu resurs Ukrainaga nisbatan bir muncha ko‘proq.

 

Amerika maxsus xizmatlari rahbari ham Rossiya armiyasining frontdagi oylik yo‘qotishlari haqida ma’lumot bergan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, oyiga o‘rtacha 30–35 ming rossiyalik harbiy halok bo‘ladi.



Bu nimani anglatadi? Rossiya...


Jurnalist: Bu hujumga o‘tayotganidan dalolat beradi. Hujum paytida ko‘proq talafot bo‘ladi.



Endi Aleksey aytayotgan masalaning ikkinchi tomonini ham ko‘rishimiz kerak. Ukraina hududida faqat ukrainalik askarlar jang qilmayapti. Gruziya, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi va Yevropa mamlakatlaridan kelgan jangchilar ham bor. Axborotning bu tomonini ham hisobga olish kerak.



Muxtor Nazirov: Ukrainada ham Markaziy Osiyolik, yevropalik va AQShlik askarlar Ukraina tomonidan turib Rossiyaga qarshi urushayotgani haqida xabarlar chiqadi.



Lekin o‘ylaymanki, Ukraina Rossiyachalik ko‘p xorijlik askarlarni qabul qilmayapti.


Jurnalist: Birgina Shimoliy Koreyaning o‘zida 50 mingga yaqin askar borligi aytilmoqda.



Muxtor Nazirov: Yo‘q, bu borada turli xil xabarlar mavjud. Avvalo, Ukraina tomonini gapirib olaylik.



Ukrainada ham internatsional batalyonlar mavjud. Belarusliklar, sobiq harbiylar, yevropaliklar, amerikaliklar, Lotin Amerikasi davlatlari, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar, hattoki Checheniston va Gruziyadan kelganlar ham bor. Ular frontning ayrim qismlarida faoliyat yuritmoqda.



Ya’ni bu masala faqat bir tomonlama emas. To‘g‘ri, ular hujumga o‘tmayotgan, mudofaani amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Ukraina tomonida ham xorijlik jangchilar bor.



Shimoliy Koreyaliklar masalasiga keladigan bo‘lsak, Shimoliy Koreya Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatlariga ega. Ularning asosiy harbiy ko‘magi Kursk operatsiyasi davrida kuzatildi.



Hozircha Shimoliy Koreya askarlari Ukraina hududida to‘laqonli jang olib borayotgani haqida aniq va tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.


Muxtor Nazirov: Kurskdagi janglarda halok bo‘lgan Shimoliy Koreya askarlari soni bo‘yicha turli raqamlar aytilmoqda. Ayrim ma’lumotlarda 2,5 mingdan ortiq harbiy halok bo‘lgani qayd etiladi. Agar jami 10 ming askar yuborilgan bo‘lsa, ularning 2,5 mingdan ortig‘i u yerda halok bo‘lgan, degan ma’lumotlar bor.



Bu borada hatto monument tashkil etilgani haqida ham xabarlar mavjud.

 

Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi shartnoma mazmunidan kelib chiqadigan bo‘lsak, u birgalikdagi mudofaani nazarda tutadi va bu, asosan, ikki mamlakat hududiga tegishli. Uchinchi mamlakatga qarshi agressiya nazarda tutilmagan, balki mudofaa masalasi ko‘zda tutilgan.



Hozirgi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina tomonidan tarqatilayotgan xabarlarda Rossiya hududining Ukrainaga chegaradosh Voronej va boshqa hududlarida 30 mingga yaqin Shimoliy Koreya askari to‘plangani aytilmoqda.



Shuningdek, Shimoliy Koreya o‘zining harbiy texnikasi bilan kelgani, hatto Zaporojye viloyatidagi obyektlarga Shimoliy Koreya raketalari yordamida zarbalar berilgani haqida ham ma’lumotlar chiqmoqda.



Demak, Shimoliy Koreya ma’lum ma’noda bu urushda Rossiya tomonida ishtirok etayotgan kuchga aylangan.



Lekin hozircha Ukraina hududida Shimoliy Koreyaning muntazam armiyasi, to‘g‘rirog‘i, katta sonli askarlari ishtirok etayotgani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q. Faqat bayonotlar va turli talqinlar mavjud.



Shuning uchun bu vaziyatni kuzatish kerak.



Hozirgi jarayon ko‘proq nimaga o‘xshaydi? Nazarimda, Shimoliy Koreya bu urush davomida muayyan iqtisodiy manfaatlarni ko‘ra oldi.



Turli ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Shimoliy Koreyaning yalpi ichki mahsuloti sezilarli darajada o‘sgan. Hatto 22 milliard AQSh dollari atrofidagi raqamlar ham tilga olinmoqda.



Bu mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul ko‘rinishida bo‘lmasligi mumkin. Shimoliy Koreya raketalar evaziga oziq-ovqat, yoqilg‘i yoki harbiy texnologiyalar olgan bo‘lishi mumkin.



Ular hozir suvosti kemalari yoki yadro qurolini tashiy oladigan kemalar yaratishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Ya’ni Rossiya texnologiyalaridan foydalanishga harakat qilmoqda.



Ularning o‘rtasidagi kelishuvlarda qanday bandlar borligini biz bilmaymiz. Lekin Shimoliy Koreya va Rossiya munosabatlari, ayniqsa, harbiy va mudofaa masalalarida so‘nggi paytlarda juda tez rivojlanayotganini ko‘ryapmiz.



Bu urushga qanday ta’sir ko‘rsatadi, desangiz, muayyan ta’sir allaqachon mavjud. Masalan, yetishmayotgan raketalar masalasida Shimoliy Koreya Rossiyaga yordam bermoqda.



Agar Shimoliy Koreya askarlari Ukraina hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashadigan bo‘lsa, bu Janubiy Koreya yoki AQSh tomonidan boshqacha talqin qilinishi mumkin. Natijada Ukrainaga yordam hajmi ham oshishi ehtimoli bor.



Urush shunaqa — bu o‘zaro javob qaytarishga asoslangan urush. Bir tomon qadam tashlasa, xuddi shaxmat taxtasidagi yurishga o‘xshab, ikkinchi tomon ham javob yurishini amalga oshiradi.


Jurnalist: Demak, bir tomonning harakati ikkinchi tomonning javob harakatiga sabab bo‘ladi.



Muxtor Nazirov: Ha. Hozirgi jarayonlarni kuzatadigan bo‘lsangiz, AQSh ma’lum darajada Ukrainani qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasiga qaytayotgandek.



AQSh avvalgidek razvedka ma’lumotlarini taqdim etayotgani, Ukrainaning taktik ustunlikni qo‘lga kiritayotgani haqidagi bayonotlar, Tramp va Mark Rubioning chiqishlari — bularning barchasi Ukraina urushda muayyan ustunlikka ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.



Urushning keyingi taqdiri ko‘proq jang maydonida hal bo‘lishi haqidagi bayonotlar ham shundan dalolat beradi.



Agar siz bo‘lajak muzokaralarda muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lsangiz, avvalo bu muvaffaqiyatni yerda tasdiqlashingiz kerak.



Masalan, Rossiyaning Ukraina dronlari va raketalarini tutib olish imkoniyati cheklangan bo‘lsa, bunday pozitsiya bilan Rossiya muzokaralarda kuchli natijaga erisha olmaydi.



Ukrainaning ham o‘ziga xos ojiz nuqtalari bor. Bu — havo mudofaasi tizimlari va raketalar yetishmovchiligi.



Hozir Rossiya Kiyev, Kiyev viloyati, Sumi viloyati va boshqa hududlarga to‘siqlarsiz zarbalar bera olyapti. Mana shunday holatda muzokaraga kirsa, Ukraina qanday natijalarni talab qila oladi?



Demak, har ikki tomon ham ma’lum darajada ojiz. Mutlaq ustunlik biror tomonning qo‘lida emas. Har bir tomonning o‘ziga xos ustunliklari bor, ammo ular o‘z ustunliklaridan hal qiluvchi natija chiqarishga qiynalmoqda.

 

Ukraina prezidenti ham hozir AQShdagi mavjud zaxiralarning 5 foizi yetarli ekanini aytmoqda. Uning ta’kidlashicha, Ukraina eng ko‘p qurol olayotgan paytda ham AQSh zaxiralaridagi raketalarning 2 foizini olgan.



Agar AQSh 5 foiz hajmidagi raketalarni bersa, Ukraina mudofaasi to‘liq ta’minlanadi, 10 foiz berilsa, urushni oldinroq yakunlash mumkin, degan bayonotlar yangramoqda.



Demak, muzokaralarda Ukrainaning asosiy ojiz nuqtalaridan biri — raketalar masalasi.


Jurnalist: So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan qariyb 10 yildirki, aholi soni, aholining o‘sish dinamikasi va demografiyasi haqida yetarli ma’lumot berilmayapti.



G‘arb mediasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya urushga kirganidan boshlab, hatto undan oldin ham demografik qarish jarayonini boshdan kechirmoqda. Yosh avlod soni kamaymoqda.



Bu holat urushga qanchalik ta’sir qilishi mumkin? Xabarlarga ko‘ra, Rossiya yaqin vaqt ichida yana harbiy chaqiruvni amalga oshirmoqchi.



Avvalgi safar ham Rossiyada ko‘plab yoshlar va badavlat fuqarolar mamlakatni tark etgan edi. Bu jarayon yana takrorlanishi, Rossiya fuqarolarining mamlakatdan chiqib ketishi kuchayishi mumkinmi?



Muxtor Nazirov: Ha, siz mobilizatsiya haqida gapiryapsiz. Nazarimda, mobilizatsiya shu paytgacha to‘xtamagan.



Agar oyiga 30 minglab yo‘qotishlar bo‘layotgan bo‘lsa, ularning o‘rnini yana 30 ming kishi bilan to‘ldirish kerak. Frontda bo‘shliq paydo bo‘lishi mumkin emas.


Jurnalist: Agar armiyaga yoki harbiy chaqiruvga bormaganlarga nisbatan Rossiya qonunchiligida katta jarimalar va majburan urushga yuborish kabi choralar belgilanganmi?



Muxtor Nazirov: Jinoyiy javobgarlik ham mavjud. Umumiy safarbarlik, ya’ni mobilizatsiya e’lon qilingan paytda, qoidaga ko‘ra, muayyan darajada harbiy holatga yaqin vaziyat yuzaga keladi.



Bunda fuqaroning chaqiruvgacha bo‘lgan davrdagi ayrim huquqlari cheklanadi. Ya’ni u belgilangan talablarga bo‘ysunishi kerak.



Agar fuqaro chaqiruv yoshida bo‘lsa va tibbiy talablarga javob bersa, u harbiy majburiyatini bajarishi kerak.



Hozir esa rasmiy umumiy mobilizatsiya e’lon qilinmagan holatda bu jarayon ko‘proq yashirin shaklda, muhojirlar, urushga borish istagida bo‘lganlar, katta pul evaziga yollanayotganlar yoki qamoqxonalardagi mahbuslar hisobiga amalga oshirib kelinmoqda.



Nazarimda, endi bu ham yetarli bo‘lmayapti.



Ayrim manbalarga qaraydigan bo‘lsangiz, yashirin ravishda amalga oshirilayotgan mana shunday safarbarlik natijasida qariyb 25–30 ming atrofida inson yig‘iladi.



Lekin frontdagi oylik yo‘qotishlar 30 ming, ayrim paytlarda esa 35 ming kishiga yetadi. Bunday vaziyatda hatto safarbar qilingan insonlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishga ham vaqt yetmaydi.



Ularning o‘rnini tezroq to‘ldirish kerak.



Frontning uzunligi 1000 kilometrdan oshadi. Agar ayrim hududlarda askarlar bo‘lmasa, Ukraina ularni qarshiliksiz egallab olishi mumkin.


Shuning uchun Rossiya baribir mobilizatsiya qilishga majbur.



Hozir ko‘proq aytilayotgan fikrlardan biri shuki, sentabr oyidagi saylovlardan keyin hokimiyat qayta legitim kuchga ega bo‘ladi.


Jurnalist: Shu savolni bermoqchiman: saylovlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qanchalik o‘zgartirishi mumkin yoki bundan umid qilishning hojati yo‘qmi?



Muxtor Nazirov: Urushni o‘zgartirish uchun Rossiyaga, nazarimda, muzokaralardan oldin bitta katta jang kerak. Katta yurish va katta natijaga erishish zarur.



Bu, albatta, ko‘proq yo‘qotishlar hisobiga bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa katta mobilizatsion harakatlarni amalga oshirish kerak.



Mobilizatsiya uchun uning legitim asoslarini mustahkamlash zarur.



Saylovdan keyin Davlat dumasi yana besh yilga mandat oladi. Urushni qo‘llab-quvvatlayotgan partiyalar asosan parlamentda qoladi.



Ular parlamentga qayta saylanganidan keyin “biz xalq irodasini namoyon etishimiz kerak”, degan pozitsiyani ilgari surishi mumkin.



Muxtor Nazirov: Ya’ni “urushni davom ettirish bo‘yicha mandatni oldik, mobilizatsiyani e’lon qilamiz, bu qonunlarga ham to‘g‘ri keladi”, degan yondashuv paydo bo‘lishi mumkin.

 

Shu asosda katta harbiy harakatni amalga oshirish ehtimoli bor.



Bu — birinchi jihat.



Ikkinchi jihat esa qishdan oldingi davr bilan bog‘liq. Qish paytida Rossiya uchun katta harbiy yurishlarni amalga oshirish qiyinlashadi.



Buning o‘rniga energetika obyektlariga zarbalar berish, qishni og‘ir o‘tkazishga majbur qilish va Ukraina mudofaa salohiyatini pasaytirishga harakat qilish mumkin.



Lekin ungacha bo‘lgan davrda katta harbiy operatsiya o‘tkazishga urinish ehtimoli mavjud.



Yana bir narsaga e’tibor qaratish kerak: Rossiyadan urush yoshidagi insonlarning chiqib ketish jarayoni ham kuchaygan. Shuning uchun nazorat kuchaytirilayotgani haqidagi ma’lumotlar bejizga chiqmayapti.



Urushning dastlabki davrida ko‘plab “relokantlar” deb ataladigan shaxslar Rossiyani tark etdi. Ular o‘zlarini mehnat muhojiri deb atamaydi, balki boshqa hududga borib, o‘z mehnat faoliyatini davom ettiruvchi shaxslar sifatida ko‘radi.



Ularning aksariyati qora mehnat bilan shug‘ullanuvchi emas, balki aqliy mehnat qiladigan insonlar edi.



Ko‘pchiligi Qozog‘iston, Gruziya, MDH mamlakatlari va Yevropaga chiqib ketdi.



Agar shu mantiq bilan qaraydigan bo‘lsak, yana bir to‘lqin — urushni ich-ichidan qo‘llab-quvvatlamaydigan, asosan shaharlarda istiqomat qiladigan, aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi yoki tadbirkorlik faoliyatini masofadan turib amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan insonlarning mamlakatni tark etishi ehtimoli bor.



Agar chaqiruv yoshidagi insonlar mamlakatdan chiqib ketsa, mobilizatsiya jarayoni qiyinlashadi.



Shuning uchun katta ehtimol bilan Rossiya ularning xorijga chiqishini cheklashga harakat qiladi.



Hatto xorijga chiqish ruxsatnomalarini bekor qilish, chegaralarni vaqtincha yopish yoki avtomobillarning mamlakatdan chiqishini cheklash kabi choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida ma’lumotlar chiqmoqda.


Muxtor Nazirov: Ko‘pchilik Rossiyani butunlay tark etish niyatida emas. Ular vaqtincha chiqib, mobilizatsiya tugaganidan yoki vaziyat tinchiganidan keyin qaytishni rejalashtiradi. Ayrimlari esa urush tugaguncha qaytmaslikni o‘ylaydi.



Lekin ko‘pchilik ana shunday niyat bilan Rossiyaga qaytganida yana qo‘lga olinib, mobilizatsiya qilingani yoki ularga nisbatan qamoq jazosi va harbiy xizmatga yuborish kabi choralar qo‘llangani kuzatilgan.



Shuning uchun ham Rossiyada ichki norozilik kayfiyati mavjud.



Buni nimadan bilish mumkin? Urushning 2022-yildagi dastlabki davri bilan hozirgi holatni taqqoslaydigan bo‘lsangiz, buni ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rish mumkin.



Urushni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaygan.



Albatta, “oxirigacha kurashamiz”, “Rossiya imperiyachilik kayfiyatini qo‘llab-quvvatlaymiz”, “Rossiya hech qachon yengilmagan va hech qachon yengilmaydi” deb hisoblaydigan insonlar ham bor.



Lekin katta qismi, nazarimda, urush tezroq yakunlanishini va u bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tezroq bartaraf etilib, urushdan oldingi normal hayotga qaytishni istaydi.



Bunday insonlar o‘zi xohlamagan urushda qatnashishni istamasa, yagona yechim sifatida vaqtincha bo‘lsa ham Rossiyani tark etishni ko‘rishi mumkin.


Jurnalist: Bunday holatda saylovlar ham o‘tkazilmoqda. Saylovdan keyin uning natijasi Rossiya siyosiy elitasi xohlayotgan ko‘rinishda bo‘lishi kerak.



Shuning uchun hozirgi siyosiy jarayonlarda ham Rossiya o‘z taktikasini faol targ‘ib qilmoqda. Masalan, Sibir, Uzoq Sharq, Kuril orollari va boshqa hududlarga borib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.



Muxtor Nazirov: Putinning o‘zi siyosiy imijini yaxshilashga harakat qilmoqda. Uning siyosiy obro‘si ma’lum darajada pasaygan. Endi imijini tiklash uchun aholi orasiga kirib, o‘zini erkinroq tutishga harakat qilmoqda.


Jurnalist: Shunday. Putinning imiji Rossiyadagi siyosiy partiyalarning imiji bilan ham bog‘liq. Siyosiy partiyalar rang-barang bo‘lsa-da, ularning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasi deyarli bir xil.



Muxtor Nazirov: Muxolif yoki muqobil fikrlar deyarli kuzatilmayapti.

 

Shuning uchun ham, nazarimda, Putin siyosiy partiyalarning imijini ham hisobga olgan holda hududlarda uchrashuvlar o‘tkazyapti. U harbiylar, fuqarolar va turli qatlam vakillari bilan uchrashmoqda.



Bularning barchasi saylov arafasida Rossiyada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari nazorat ostida ekanini, jiddiy muammolar yo‘qligini va Rossiya iqtisodiyoti rivojlanayotganini ko‘rsatishga qaratilgan.



Hozirgi noqulayliklar, masalan, dronlarning uchishi yoki ayrim hududlarga zarbalar berilishi, Novorossiysk portiga zarba berilishi va uning faoliyatiga zarar yetishi kabi holatlar vaqtinchalik ekani, vaziyat to‘liq nazorat ostida ekani haqidagi tasavvurni shakllantirishga harakat qilinmoqda.



Bundan maqsad odamlarning siyosiy jarayonlarga bo‘lgan ishonchini va Rossiyaning bu vaziyatdan chiqib keta olish qobiliyatiga ishonchini saqlab qolishdir.



Avvalgidek markaziy telekanallardagi propagandistik dasturlarning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi.



Chunki ko‘pchilik bu dasturlar boshidanoq propagandistik ekanini, odamlarni chalg‘itish yoki urushdagi g‘alaba haqidagi tasavvurni shakllantirish uchun tayyorlanishini tushunib qoldi.



Ularning xolislik darajasi ancha past ekanini ham odamlar anglab yetdi.



Shuning uchun ham, nazarimda, Rossiya prezidenti hozirgi vaziyatni o‘nglash va aholining ishonchini mustahkamlash uchun faol harakat qilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.


Jurnalist: Savollarim o‘z nihoyasiga yetdi. Vaqt ajratganingiz uchun rahmat, Muxtor aka.

custom img

Rossiya ukrainaliklarning o‘z hukumatini tanlash huquqini belgilamasligi kerak — Fedorov

Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri urush davom etayotganiga qaramay, mamlakatda prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi.

custom img

Hindistondagi mehmonxonada sodir bo'lgan yong'inda 9 nafar xorijlik halok bo'ldi

Hodisa yuzasidan mehmonxona egasiga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

custom img

AQSH Eronni “bo‘g‘ib qo‘yish” taktikasini tanladi — CNN

Tramp Eron bilan muzokaralarni to‘xtatib, yangi strategiyaga o‘tmoqda.

custom img

Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalariga soliq joriy etish taklif qilindi

Ma'lum qilinishicha, 2026-yilda migrantlar chet elga 17 milliard rubldan ortiq mablag‘ yuborgan.

custom img

Yevropa dengizlari rekord darajada isimoqda

Olimlar Yevropa atrofidagi dengizlarda kuzatilayotgan haroratning asosiy sababi inson faoliyati natijasidagi iqlim o‘zgarishi ekanini ma’lum qildi.

custom img

Rossiyalik biznesmenlar Ukrainaga qarshi urush uchun qariyb 4,5 milliard dollar ajratdi

Bu 2025-yilgi jami tushumdan 1,5 baravar ko‘p.

custom img

Meta bolalarga zarar yetkazganlikda ayblanib, jarimaga tortilishi mumkin

AQShda kompaniyaga qarshi bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlarda uzoqroq vaqt ushlab turadigan funksiyalardan foydalangani haqidagi da’volar bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

custom img

Rossiya raketa zarbasi oqibatida Ukrainada 10 kishi halok bo‘ldi

Hujumda Rossiya tomonidan ikkita kichik Banderol qanotli raketasi qo‘llangan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"