Diplomatik yordam samarasi: 53 yoshli o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
U murakkab vaziyatga tushib qolgani sababli Bosh konsulxonaga yurtga qaytishda ko‘mak so‘rab murojaat yo‘llagan.

Rossiyaning Novosibirsk shahrida qiyin ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik fuqaro yurtimizga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 1973 yilda tavallud topgan fuqaro M.U. og‘ir sharoitga tushib qolgani tufayli mamlakatga qaytish masalasida O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab chiqqan.
Diplomatik vakolatxona vakillari ushbu murojaatni qisqa fursatda o‘rganib chiqib, fuqaroga kerakli amaliy yordamni taqdim etgan. Jumladan, Migratsiya agentligi vakolatxonasi bilan birgalikda uni O‘zbekistonga jo‘natish yuzasidan tezkor tashkiliy ishlar olib borilgan.
Amalga oshirilgan choralar samarasi o‘laroq, yurtdoshimiz “Novosibirsk–Toshkent” yo‘nalishidagi avtobusda O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.








