Noqonuniy dori vositalari savdosi: 143 ming donadan ortiq shubhali dori-darmonlar fosh etildi
Tergovga qadar surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Fuqarolar sog‘lig‘ini asrash hamda farmatsevtika mahsulotlarining yashirin aylanmasini oldini olish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi tomonidan qo‘shma tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, Yunusobod tumanidagi xonadonlar tekshirilganda, ulardan birida “Dostineks”, “Sikloferon” va “Progestan” singari 41 nomdagi 31 454 dona dori-darmon noqonuniy ravishda saqlanayotgani fosh etildi. Umumiy bahosi 1,1 milliard so‘mdan oshadigan mazkur preparatlar 1975-yilda tug‘ilgan yashnobodlik fuqaroga tegishli bo‘lib, mamlakat hududiga kontrabanda yo‘llari bilan olib kirilgan va Toshkent shahridagi dorixonalar tarmog‘i orqali tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
Boshqa bir holatda esa DXXning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari Sergeli tumanida joylashgan, dori-darmonlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJga qarashli omborni ko‘zdan kechirishdi. Tekshiruv davomida tegishli sifat hujjatlariga ega bo‘lmagan “Arduan”, “Aktovegin”, “Feromaks”, “Sipraksol”, “Sefotaksim” kabi 204 turdagi jami 111 613 dona dori vositasi topildi. Ushbu mahsulotlarning taxminiy qiymati 584 million so‘mga baholanmoqda. Bundan tashqari, mazkur omborning yerto‘la qismida muddati tugagan dorilarni yangidan qadoqlashga mo‘ljallangan yashirin sex faoliyati hamda 25 dona maxsus texnik jihoz mavjudligi aniqlandi.
Ikkala holat yuzasidan ashyoviy dalil sifatida olingan preparatlarning namunalari tekshiruv va xulosa olish maqsadida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga yuborildi.








