Jahon

G‘azoda yangi politsiya kuchlari: AQSh 4 ming falastinlikni Misrda o‘qitmoqchi

Nomzodlar Isroil xavfsizlik xizmatlari tomonidan oldindan tekshirilgan.

G‘azoda yangi politsiya kuchlari: AQSh 4 ming falastinlikni Misrda o‘qitmoqchi

 

Vashington Isroil razvedkasi tomonidan tekshirilgan 4 ming falastinlikni G‘azo sektori politsiyasida xizmat qilish uchun Misrga yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Axios nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

 

Nashr yozishicha, AQSh G‘azo sektorining janubidagi hududlardan birini “Tinchlik kengashi” ko‘magida tuzilgan texnokratik Falastin ma’muriyatiga topshirishni ham ko‘zlamoqda. Shuningdek, anklavga xalqaro barqarorlik kuchlarini joylashtirish, qish mavsumida esa ko‘chma uylar va qurilish materiallarini olib kirish rejalashtirilgan.

 

Oq uy va “Tinchlik kengashi” ushbu choralar ro‘yxatini Isroil hukumatiga yetkazgan. AQSh Isroil mazkur rejalar amalga oshishiga to‘sqinlik qilmasligiga umid qilmoqda. Tinchlik rejasining keyingi bosqichlari ham Tel-Avivning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

 

22-yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida 19 mamlakat vakillari G‘azo tinchlik jarayoni doirasida tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolagan. Tashkilot Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv asosida G‘azoni boshqarish masalalarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

 

Hozirda tinchlik jarayonining ikkinchi bosqichiga o‘tish, jumladan, anklav boshqaruvini maxsus tuzilgan texnokratik qo‘mitaga topshirish HAMAS jangarilarini qurolsizlantirish masalasi sabab murakkablashmoqda.