Maktablarda voleybol klublari tashkil etiladi: har bir tuman va shaharda kamida bittadan
O‘zbekistonda 2030-yilgacha voleybol bilan shug‘ullanuvchilar soni 1 millionga yetkaziladi.

O‘zbekistonda voleybol sport turini rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek, milliy terma jamoaning xalqaro reytingdagi o‘rnini yaxshilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda hukumatning 25-noyabr kuni qabul qilingan qarorida belgilangan, deb xabar berdi “Huquqiy axborot” Telegram-kanali.
“Voleybol sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirishning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 641-son qarorga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) reytingidagi o‘rnini yaxshilash va mamlakatni Osiyodagi kuchli beshlik davlatlari qatoriga kiritish maqsad qilingan. Voleybol bilan shug‘ullanuvchilar sonini 1 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab har bir tuman va shahardagi kamida bitta umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida voleybolga ixtisoslashgan sport klubi tashkil etiladi.
2026/2027-o‘quv yili yakuniga qadar esa voleybol infratuzilmasi mavjud barcha umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ushbu sport turi bo‘yicha to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-dekabrdan voleybolga ixtisoslashgan klublar o‘rtasida “Kelajak yulduzlari” musobaqasi o‘tkazib boriladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tizimida Milliy voleybol ligasini tashkil etish ham belgilangan. Liga Professional voleybol ligasi, Talabalar voleybol ligasi, Havaskorlik voleybol ligasi va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.








