O‘zbekistonning PISA 2025 natijalarida ijobiy o‘sish qayd etildi
PISA 2025 xalqaro tadqiqotida O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston 91 ta davlat va ta’lim tizimi qatorida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkazilgan PISA 2025 xalqaro tadqiqotida ikkinchi bor ishtirok etdi.
PISA 2025 tadqiqotida tabiiy fanlar ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonlik o‘quvchilar 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.
Taqqoslash uchun, PISA 2022 tadqiqotida O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi 355 ball va 80-o‘rinni tashkil etgan. Shu tariqa, 2025-yilda ushbu yo‘nalishdagi natija 83 ballga oshgan.
Xalqaro tadqiqot doirasida respublika bo‘ylab tasodifiy va vakillik tanlovi asosida 233 ta maktab tanlab olinib, ulardagi 15 yoshli 8 652 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
PISA 2022 tadqiqotida esa O‘zbekistonning 202 ta maktabidan 7 293 nafar o‘quvchi qatnashgan. Shu bilan birga, 2025-yilgi tadqiqotda ishtirok etgan maktablar va o‘quvchilar soni ham oshgan.
PISA xalqaro tadqiqotlari 2000-yildan buyon har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Unda o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar, o‘qish va raqamli savodxonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari baholanadi.
O‘zbekistonning PISA 2025 tadqiqotidagi natijalari mamlakatda ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarning xalqaro baholash mezonlariga muvofiq bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish borasidagi ishlar uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.








