Uchtepadagi xonadonda yong‘in chiqdi: bir kishi halok bo‘ldi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bugun, 24-oktyabr kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 01:33 da Yusuf Sakkokiy ko‘chasida joylashgan turar joy majmuasidagi xonadonlardan birida yong‘in yuz bergani haqida xabar kelib tushgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yong‘inni soat 01:52 da bartaraf etgan.
Yong‘in oqibatida xonadonning uy jihozlariga zarar yetgan. Voqea joyida bir nafar fuqaroning jasadi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yong‘in sabablari va boshqa tafsilotlarni aniqlash bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








