O'zbekiston

Uyatli so‘zlar va tarqalgan video: Qo‘qonda erkak 10 sutkaga qamaldi

Jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan erkak jazolandi.

Uyatli so‘zlar va tarqalgan video: Qo‘qonda erkak 10 sutkaga qamaldi

 

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Holatga aloqador ayol esa jarimaga tortildi.

 

Qayd etilishicha, Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasidagi avtobekatda erkak va ayolning xatti-harakatlari profilaktika inspektori e’tiborini tortgan. Inspektor ularga jamoat joyida belgilangan qoidalarga rioya qilish zarurligini tushuntirgan. Shundan so‘ng u taksi to‘xtatib, ularni jo‘natgan.

 

Biroq erkak avtomobilga o‘tirganidan keyin uyatli so‘zlarni ishlatgan. Uning xorijiy fuqaro bilan suhbati videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va muhokamalarga sabab bo‘lgan.

 

Turizm xavfsizligi boshqarmasi xodimining ma’lum qilishicha, holat o‘rganilganda videoni tarqatgan shaxs Qo‘qonga sayohat maqsadida kelgan xorijiy fuqaro ekani aniqlangan. U videodagi erkak bilan avvaldan tanish bo‘lmagan.

 

Erkak esa o‘z izohida avtomobil eshigini yopayotganida oyog‘ini qisib olgani, og‘riq sabab noo‘rin so‘zlarni ishlatib yuborganini bildirgan.

 

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud majlisida tomonlarning tushuntirishlari tinglanib, ayolga jarima, erkakka esa 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.