Tadbirkorga bosim va 65 mln so‘mlik talab: hokim o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
U tadbirkordan uyiga quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib berishni talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Kosonsoy tumani hokimi o‘rinbosari ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan tahdid qilgan. Buning evaziga u o‘zining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib berishni talab qilgan.
Hokim o‘rinbosari quyosh panellarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlari uchun 65 mln so‘mni xizmat avtomashinasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








