Issiqxonalarga yangi talablar: qattiq yoqilg‘i cheklanadi
Talablarga moslashish uchun issiqxonalarga muddat berilgan, ekologik modernizatsiya xarajatlarining bir qismi esa davlat tomonidan qoplanadi.

2026-yil 1-dekabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatining beshta tumanidagi issiqxonalar uchun yangi ekologik talablar kuchga kiradi. Talablarga javob bermaydigan xo‘jaliklarning ekologik ekspertiza bo‘yicha ijobiy xulosasi berilmaydi yoki avval berilgan xulosaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatiladi.
Hukumatning 2026-yil 22-oktyabrdagi 586-son qarori bilan qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalarga qo‘yiladigan ekologik talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Maxsus ekologik tartib Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalarga tatbiq etiladi.
Nizomga ko‘ra, ushbu hududlarda isitish tizimiga ega issiqxonalar tabiiy yoki suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishi kerak. Qattiq yoqilg‘ida (ko‘mir, briket va biomassa pelletlari) ishlayotgan issiqxonalar 2026-yil 1-dekabrga qadar isitish tizimini belgilangan energiya manbalariga moslashtirishi lozim.
Qattiq yoqilg‘idan foydalanish faqat bir qator talablar bir vaqtning o‘zida bajarilganda ruxsat etiladi. Buning uchun qozon qurilmalari yoqilg‘i uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlanishi, uzluksiz avtomatik monitoring tizimi o‘rnatilib, Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilinishi kerak.
Shuningdek, uskunalar muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi, onlayn kameralar, quvvat manbai va zaxira generatori o‘rnatilishi hamda hosil bo‘lgan chiqindilar utilizatsiya qilinishi shart.
Issiqxonalarda shina, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari hamda shunga o‘xshash materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqish taqiqlanadi.
Ekologik modernizatsiya uchun subsidiyalar va kreditlar ajratiladi
Qarorga muvofiq, 2028-yil 1-yanvarga qadar chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejovchi ekranlar va samarador texnologiyalar, shuningdek, elektr, geotermal, quyosh energiyasi hamda kogeneratsiya asosidagi isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi davlat byudjetidan qoplanadi. Bunda subsidiya har bir gektar uchun 50 million so‘mdan oshmaydi.
Avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilishni istagan issiqxonalarga uch tomonlama shartnoma asosida yetti yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Har bir stansiya uchun moliyalashtiriladigan mablag‘ 350 million so‘mdan oshmaydi.
2026–2027-yillarda elektr, geotermal va quyosh energiyasi hamda kogeneratsiya asosidagi isitish tizimlariga o‘tish loyihalari uchun tijorat banklari orqali kreditlar ajratiladi. Kreditlar yetti yil muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada beriladi. Ular loyiha qiymatining 50 foizigacha miqdorni, har bir gektar hisobiga esa 3 milliard so‘mgacha mablag‘ni tashkil etishi mumkin.
Nazorat va monitoring kuchaytiriladi
2026-yil 1-dekabrdan belgilangan talablarga javob bermaydigan issiqxonalarga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi berilmaydi. Avval berilgan xulosaning amal qilishi ham belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bunday holatlarda issiqxonani elektr, gaz va suv ta’minotidan uzish choralari ko‘riladi.
Maxsus hududdagi issiqxonalarda har yili 15-oktyabrdan 15-martga qadar nazorat va monitoring ishlari olib boriladi. Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf tug‘diruvchi omillar aniqlansa, issiqxona faoliyati yoki ifloslantiruvchi manba 10 kungacha vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.








