O'zbekiston

54,8 trln so‘m undirildi: MIB o‘tgan yilgi natijadan 14,4 trln so‘mga oshdi

Mablag‘larning asosiy qismi davlat foydasiga yo‘naltirildi.

54,8 trln so‘m undirildi: MIB o‘tgan yilgi natijadan 14,4 trln so‘mga oshdi

 

Joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan jami 54,8 trillion so‘mlik undiruv amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 trillion so‘mga ko‘p. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, undirilgan mablag‘larning 36,7 trillion so‘mi davlat foydasiga, 16,5 trillion so‘mi tadbirkorlik va boshqa subyektlar foydasiga, 1,6 trillion so‘mdan ortig‘i esa fuqarolar manfaatlari uchun yo‘naltirilgan. Shuningdek, davlatning majburlov mexanizmlaridan foydalanmasdan turib, 2,2 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ham ta’minlangan.

 

Ijtimoiy yo‘nalishdagi ijro hujjatlari bo‘yicha ham muayyan natijalarga erishilgan. Xususan, “Daftarlar” bilan bog‘liq jamg‘armalarga 1,3 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 222 milliard so‘mga ko‘p.

 

Hisobot davrida 3 trillion so‘m aliment mablag‘i undirilgan. “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 565 nafar fuqaroga 30,5 milliard so‘m to‘lab berilgan. Manzilli ishlar natijasida 21 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirilgan, 11,2 mingdan ortiq oila yarashtirilgan.

 

Bundan tashqari, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 508 nafar fuqaro avvalgi ish joyiga tiklangan. Ularga 21,6 milliard so‘mlik ish haqi undirib berilgan.

 

Brifingda Byuro faoliyatini raqamlashtirish ishlari izchil davom ettirilayotgani ham ta’kidlandi. Hozirda 36 turdagi ijro harakatining 22 tasi, shuningdek, qabul qilingan 68,7 millionta qaror inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.

 

Qarzdor fuqarolarni ogohlantirish maqsadida 79,3 millionta SMS-xabarnoma yuborilgan, “Avtorobot” orqali esa 2,4 millionta qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan. Qarzdorlik haqida o‘z vaqtida xabar berilishi natijasida 1,2 millionta ijro ishi ixtiyoriy muddatda yakunlangan. Shuningdek, 1,8 millionta avtotransport vositasiga avtomatik tarzda qidiruv e’lon qilingan.

 

Virtual va Xalq qabulxonalari orqali alimentga oid ijro hujjatlari bo‘yicha 49 611 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 32 598 tasi hal etilgan.

 

Manzilli ishlar davomida aliment undiruvi bilan bog‘liq murojaatlar soni 7 526 taga, qarz va zararni undirish yuzasidan yo‘llangan murojaatlar esa 3 507 taga kamaytirilgan.